“Uch marta yengdim, to‘rtinchisida ham taslim bo‘lmayman”

Saraton bilan kurashayotgan Dildora Mavlonova hikoyasi

Unga birinchi marta til saratoni tashxisi qo‘yilganida 32 yoshda edi. Keyinroq unda o‘pka va ko‘krak bezi saratonlari, shuningdek, oqqon ham borligi aniqlangan. Xastaliklar bilan kurash ayni avjiga chiqqan mahal u oilaviy va moddiy qiyinchiliklar bilan ham sinalgan. Ammo u farzandlari uchun ham oyoqqa turishga kuch topa bilgan. “Iroda” loyihasining Butunjahon saratonga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan maqolasi qahramoni — Ekopartiyaning Mirobod tuman tashkiloti raisi Dildora Mavlonova.
Unga birinchi marta til saratoni tashxisi qo‘yilganida 32 yosh edi. Keyinroq unda o‘pka va ko‘krak bezi saratonlari, shuningdek, oqqon ham borligi aniqlangan. Xastaliklar bilan kurash ayni avjiga chiqqan mahal u oilaviy va moddiy qiyinchiliklar bilan ham sinalgan. Ammo u farzandlari uchun ham oyoqqa turishga kuch topa bilgan. “Iroda” loyihasining Butunjahon saratonga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan maqolasi qahramoni — Ekopartiyaning Mirobod tuman tashkiloti raisi Dildora Mavlonova.
“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo oʻzi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki uning ham inson ekanligiga, qobiliyatu salohiyatiga eʼtibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda oʻz hayot hikoyasi bilan boʻlishmoqchi boʻlganlar Telegramʻda @Iroda_loyihaBot orqali bogʻlanishi mumkin.
“Sizda saraton bor”. Bu gapni birinchi marta eshitganida Dildora opani sovuq ter bosgan. Xiyol ochiq deraza ortidagi shitirlayotgan tillarang yaproqlar-u, ular orasidan, xuddiki: “Nima gap o‘zi, tinchlikmi?”, deya mo‘ralab turgan quyosh ham birdan shifoxona devorlaridek rangsizlashib, ko‘z oldi qorong‘ilashgan. Shifokorning qolgan gaplari qulog‘iga kirmagan — eslolmaydi. O‘sha lahzadan esida qolgani — o‘limdan emas, balki: “Menga biror kor-hol bo‘lsa, bolalarim nima qiladi?”, degan o‘ydan qattiq qo‘rqqani.
Shifoxona
Onkologik dispanser — bir vaqtning o‘zi ham umidlar qabristoni, ham tug‘uruqxonasi. U yerda sog‘ayib ketishga ilinj paydo bo‘lishi ham yoki butunlay so‘nishi ham mumkin. Qaysinisi bo‘lishi kasallikning qaysi bosqichda ekani, metastaz darajasi va qanchalik erta davo choralari ko‘rila boshlaganiga bog‘liq — asli nazarbeklik Dildora opa buni salkam 22 yillik “kasallik tarixi”dan yaxshi biladi.
реклама
реклама
Bemorlarning katta-yu kichigini — keksa, ammo hayotga tashna; endigina 18 bahorni ko‘rgan-u, ammo allaqachon yashab ketishga bo‘lgan ishonchini yo‘qotgan; puli yo‘qligi uchun bolasini saqlab qola olmagan yoki, aksincha, behisob mol-u davlati bilan ham umrini uzaytira olmaganlarni ko‘rgan Dildora Mavlonova har 21 kunda bu yerda kimyoterapiya oladi.
Bugun tabassum bilan kimyoterapiya olgan kishi ertasigayoq so‘lib qolishi, ishtahasi bo‘g‘ilib, holsizlanishi mumkin. Qosh va sochlar to‘kilib ketadi — ikki haftadan keyin ko‘rishsak, siz menda soch ko‘rmaysiz. To‘g‘ri, insonning, ayniqsa ayollarning husni shu bilan. Lekin soch-u qosh bo‘lsa-yu, ammo tanani saraton egallab boraversa, bu husndan nima naf?
Sersoya daraxtlar bilan o‘ralgan, beshinchi qavatidan Toshkent kaftdek ko‘rinadigan Taxtapuldagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, har qanday kasalxona kabi, o‘tmishni taftish qilish va kelajak haqida mulohaza yuritish uchun yetarlicha vaqt topiladigan joy. Dildora opa ham bu yerga kelgan vaqti ko‘proq bolaligi va bolalari haqida o‘ylaydi.

O‘quvchilik vaqti kamondan o‘q otish bilan shug‘ullangani, dzyudodan qora belbog‘ olganini eslab bir faxrlansa, “bo‘yi yetgan qizga bu ishlar yarashmaydi” degan gap-so‘zlarga kirib sportni tashlagani uchun o‘zini xayolan koyiydi. Kim bilsin, sportchilik yo‘lidan qaytmaganida, o‘z davrining Diyora Keldiyorovasi bo‘larmidi, balki.
Oilaviy g‘azalxonliklar, ta’lim olish va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun hozirlab berilgan sharoit — baxtli bolaligi uchun Dildora opa ota-onasidan minnatdor. Katta lavozimlarda ishlagan otasining: “Birovga past nazar bilan qarama — lavozim bilan tobutning egasi yo‘q”, degan gaplarini unutmaslikka harakat qiladi.

Ba’zida xotiralarga shunchalik berilib, osma ukolning bir zumda tugab qolganini bilmay qoladi va buni umrning hash-pash deguncha o‘tib ketishiga o‘xshatadi.
Dildora opa vaqtning beshafqatligini birinchi marta 27 yoshida — onasi vafot etganida anglagan. O‘shanda hayotining mazmunini bo‘lgan insonni olib ketgan xastalik bir kun kelib uning o‘zida ham paydo bo‘lishini u xayoliga ham keltirmagan edi.

“1996-yili onamga bachadon saratoni tashxisi qo‘yilgan. U ham xuddi shu, men hozir yotgan dispanserda davolangan. Ko‘rgani kelganimda „shu yoqqa kelmay qo‘ya qol, birovni bu yerga kelgulik qilmasin“, deya bot-bot takrorlagan volidam oradan bir yarim yil o‘tib, 57 yoshida hayotdan ko‘z yumgan”, — deb eslaydi Dildora Mavlonova.
Birinchi saraton
Dunyoda har yili taxminan 20 mln,O‘zbekistonda esa 20 mingdan ziyod odamda qayd etiladigan saratonning gen surishi masalasi o‘rganilgan, ammo buni saratonga olib keluvchi yagona sabab, deb bo‘lmaydi. Tamaki va alkogol iste’moli, ortiqcha vazn va havoning ifloslanishi, shuningdek, surunkali stress ham salomatlikdagi salbiy o‘zgarishlar (immunitetning susayishi), xususan, o‘simta paydo bo‘lishi va saratonning rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Filologiya yo‘nalishida oliy ta’lim olib, 23 yoshida oila qurgan Dildora opa ham o‘zida kasallikning to‘satdan paydo bo‘lishini ko‘proq ketma-ket kelgan tashvishlar — onasidan erta ayrilgani, o‘sha kezlar uyi tunab ketilganidan keyingi qattiq siqilishlar bilan bog‘laydi. Uni saratonning ilk simptomlari, xususan, tilidagi shish bezovta qila boshlaganida o‘zi endi 32 ga kirgan, kenja o‘g‘li esa hali bir yoshga ham to‘lmagan edi.
Aksariyat o‘zbek ayollari singari men ham sog‘ligimga beparvolik qilib, ahvolimni charchoq va uyqusizlikka yo‘ydim; o‘tib ketadi, deb yuraverdim. Og‘riq kuchayib, shish zo‘rayganidan keyingina stomatologga bordim. Yaxshilab tekshiruvdan o‘tkazgan shifokor shishning stomatologiyaga aloqasi yo‘qligini aytib, onkologga ko‘rinishni tavsiya qildi.
Tahlil natijalari suhbatdoshimizda saratonning kam uchraydigan turlaridan biri — til raki borligini ko‘rsatgan. O‘simta boshqa a’zolarga metastaz bermasligi uchun Dildora 2002 va 2005-yillarda jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirishga majbur bo‘ladi.

Turkiyalik shifokorlar bunday operatsiyalarni yuzni kesmay amalga oshirish imkonsizligini aytib ayolning yuragiga g‘ulg‘ula solganida, toshkentlik onkolog Yodgor Rasulovich “husnni buzmay” ham operatsiya qilish mumkinligini, ammo bu jarayon o‘ta murakkabligini tushuntiradi. Masala shundaki, nafaqat chaynash, yutinish va ta’m bilish, balki nutq tovushlarining shakllanishida ham ishtirok etuvchi tilga tig‘ tekkach, gapirish qobiliyati ham yo‘qolib qolishi mumkin.
“Bolalarim ko‘z oldimga kelib, o‘ylab ham o‘tirmay rozi bo‘ldim. Amaliyotdan avval palatada ikki rakat namoz o‘qib, Yaratgandan umrimni qaytarib berishini iltijo qilib so‘raganman. Buyog‘iga qo‘limdan kelganicha yaxshilik qilaman, deb va’da berganman”, — deydi u.
arayon shifokor ogohlantirganicha — qiyin kechadi. 7,5 soat davom etgan operatsiya davomida tilning chap ildizi olib tashlanadi, 100 dan ortiq chok tushadi.

“Bir yarim yilcha gapirmadim, biror nimani tushuntirish uchun yozib-o‘chiriladigan doskadan foydalanardim. Yetti oy tomog‘imdagi quvurcha orqali oziqlandim. Og‘iz bo‘shlig‘i hamisha nam bo‘lgani uchun tildagi yaraning bitishi qiyin kechdi. Gapirishni xuddi endi tili chiqqan bolalardek qayta o‘rgandim, fonetik mashqlar bajarib, logoped bilan ishladim. Hozirgidek tushunarli gapiradigan bo‘lgunimcha ko‘p qiynaldim, kamsitishlarga uchradim. Gapirishimni eshitib: „Og‘zida nosi bormi?“, deya mazax qilganlar ham bo‘lgan”, — deb eslaydi Dildora opa.
Eng kuchli og‘riq
Operatsiya-yu muolajalardan Dildora opaning a’zoyu-badani qaqshab og‘riydi. Lekin bu og‘riqlar to‘rt muchasi sog‘ligida hayotini bog‘lagan insoni, farzandlarining otasi bergan zarba oldida hech nima bo‘lmay qolgan.
Xiyonatning har turini ko‘rdim. Ammo eng og‘iri — yoshligimni berganim, bir yostiqqa bosh qo‘yganim turmush o‘rtog‘im boshimga dard tushishi bilan mendan voz kechgani bo‘ldi. Uning: „Sog‘lom erkakman, menga sog‘lom ayol kerak“, degan gapidan keyin tezroq tuzalishim kerakligini tushunib yetdim — bolalarimni bunday insonga tashlab ketishga haqim yo‘q edi.
реклама
реклама
Lekin unga oson bo‘lmaydi. Ustiga-ustak, 2012-yili o‘pka saratoni, 2018-yili ko‘krak bezi saratoni, 2021-yili esa oqqon tashxisi qo‘yiladi. Dori-darmonlar qimmatligi uchun uyini sotib, ma’lum muddat ijarada ham yashashga majbur bo‘ladi. Bolalarini boqish uchun ko‘chada farrosh qilishdan tortib interer dizaynerligigacha bo‘lgan ishlarni bajaradi.

“Hech kimga sezdirmay, barvaqt turib, ko‘cha supurishga borib-kelardim. Topgan pulimga tuxum olib kelib, nonushta tayyorlardim. O‘sha payt juda me’dasiga tekkan shekilli, ikkinchi o‘g‘lim hozir ham tuxum yeyolmaydi”, — deydi Dildora opa.
Mehnat
Dildora Mavlonova 2022-yilgacha nomini aytishni istamagan bir nodavlat notijorat tashkilotga besh yil davomida rahbarlik qilgan. Ammo tashkilotga rahbar bo‘lib kelgan shaxs uni hammaning oldida: “Sog‘lom odam ishlashi kerak!”, deb kamsitganidan keyin, u tashkilotni tark etgan.
NNTdagi ishi bilan bir vaqtda Toshkent shahar tadbirkorlik markazi bilan hamkorlik qilgan. Bu vaqtda u qo‘lida hunari bor, lekin og‘ir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir metodika tayyorlagan. Uning g‘oyasi Prezident administratsiyasi vakillariga ma’qul kelgan, ko‘p o‘tmay, 2020-yil 18-martda bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo‘lgan, ammo moddiy jihatdan qiynalayotgan xotin-qizlarga subsidiyalar, grant mablag‘lari ajratishni nazarda tutuvchi bu metodikani “Chilonzor tajribasi” sifatida butun O‘zbekistonga yoyish zarurligi ta’kidlangan.
Ijtimoiy ahvoli tang, ammo qo‘li gul xotin-qizlarga yordam berishdan hamisha mamnun Dildora opa bugungi kunda o‘z tikuv sexini ochib yoki qandolatchilik biznesini yo‘lga qo‘yib, boshqalarni ham ish bilan ta’minlayotgan xotin-qizlarning yutug‘idan xuddi o‘zinikidek quvonadi. Ayni paytda O‘zbekiston Ekologik partiyasining Mirobod tuman tashkiloti raisi sifatida mehnat qilmoqda.
Sevgan ishi bilan mashg‘ul Dildora opani saraton hali butkul tark etgan emas — ko‘krak bezi saratoni qayta qo‘zg‘agan. Lekin opaning taslim bo‘lish niyati yo‘q.

“Men bu kasallikdan kuchliroqman. Bu hayotga bir kasallikka yengilish uchun kelmaganman axir! Hali nevaralarimni ko‘rishim, ularning „buvijon!“ deyishlarini eshitishim kerak — hayotdagi eng katta motivatsiyam shu”, — deb xulosa qildi irodali qahramonimiz Dildora Mavlonova.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”.

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting