19-aprel kuni Isroil Eron hududiga zarba berdi, deb xabar qilmoqda CNN, The New York Times va Bloomberg Isroil va Eron rasmiylariga tayanib.

Eron rasmiylariga ko‘ra, zarba Isfahon shahri yaqinidagi harbiy havo bazasiga berilgan.

Hujum Eron ichidan uyushtirilgani taxmin qilinayotgan kichik dronlar yordamida amalga oshirilgan. Radar tizimlari mamlakat havo hududiga bostirib kirgan birorta ham samolyotni aniqlamadi, deb yozadi NYT rasmiylarga tayanib. Nashr suhbatdoshlarining aniqlik kiritishicha, Isfahondan 800 kilometr shimolda joylashgan Tabriz hududida kichik dronlarning alohida guruhi urib tushirilgan.

Parvozlarni kuzatish veb saytlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 19-aprel ertalab Erondagi bir nechta aeroportlar yopilgan va hududdagi fuqarolik parvozlari yo‘nalishlari boshqa tomonga o‘zgartirilgan, biroq Eron aviatsiya agentligi tez orada parvoz cheklovlarini olib tashladi.

Eron axborot agentliklari Isfahon va Tabriz yaqinlarida portlash ovozlari eshitilgani haqida xabar berib, Isfahondagi yadroviy inshootlarga zarar yetmaganini qo‘shimcha qildi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, zarba nishoni yadro inshootlari bo‘lmagan. Eronning Fars agentligi hujumning ehtimoliy nishoni sifatida Isfahon aeroporti yaqinida joylashgan harbiy radarni ko‘rsatmoqda.

Eron harbiylari Isfahon shahrida havo hujumiga qarshi mudofaa amaliyotlaridan so‘ng yerdagi obyektlarga hech qanday zarar yetmagani haqida xabari berdi. Ommaviy axborot vositalari shahardan olingan videolarni e’lon qilmoqda.

Isroil mudofaa kuchlari Eronga berilgan zarbaga izoh bermadi.

Avvalroq Bloomberg Isroil 18-aprel kuni AQShni yaqin 24−48 soat ichida Eronga javob zarbasi berishidan ogohlantirganini yozgandi.

  • 1-aprel kuni Isroil samolyotlari Damashqdagi Eron konsulligiga hujum qilgandi. Zarbada Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘lgan. Eron hujumga javob berishni va’da qilgandi.
  • 14-aprelga o‘tar kechasi Eron Isroil hududiga o‘nlab dronlar, qanotli va ballistik raketalar bilan hujum qildi. Ularning aksariyati Isroilga yaqinlashayotganda, ba’zilari Amerika va Britaniya kuchlari yordamida urib tushirilgan. Hujum oqibatida mamlakat janubidagi “Nevatim” harbiy bazasi kichik zarar ko‘rgan.
  • Hujum ortidan bir qancha Yaqin Sharq davlatlari, jumladan, Saudiya Arabistoni va BAA “o‘zini tiyishga” chaqirdi va mintaqada beqarorlik kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. Isroil Eronga “signal yuboradigan”, ammo qurbonlarga olib kelmaydigan javob variantlarini ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi. The Washington Post nashri manbalarga tayanib, Isroil ittifoqchilari “ortiqcha javob berishni” istamasligini, Isroil esa ittifoqchilar bilan hamkorlik qilishni istashini, biroq hujumga javob berishni zarur deb bilishini yozdi.