15-aprel kuni soat 12:40 atrofida Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida Gentra haydovchisi ikki nafar o‘quvchini urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, voqea tumanning Oqtom mahallasi hududidan o‘tgan yo‘lda sodir bo‘lgan. O‘sha kuni Baxmal tumanida yashovchi 26 yoshli haydovchi o‘ziga tegishli bo‘lgan Gentra avtomashinasida yuqori tezlikda harakatlanib, rul boshqaruvini yo‘qotgan.

Shu paytda qarama-qarshi yo‘nalishda maktab tomon harakatlanib ketayotgan 5 va 7-sinf o‘quvchilarini urib yuborgan. Hodisa oqibatida bolalar vafot etgan. Mashina yo‘l chetida bog‘lanib turgan qoramolni ham urib ketgan. Mashina zarbidan hayvon ham nobud bo‘lgan.

йтҳ, maktab ўқувчилари

“100 tezlikda kelayotgandim. Boshqaruvni yo‘qotdim. Asfalt yo‘liga chiqqanimdan keyin mashinamning orqasi o‘ynab ketdi. Qo‘rqqanimdan rulni to‘g‘rilay olmadim. Shu holatda bolalarni urib ketdim, shuni bilaman, bo‘ldi”, — dedi haydovchi.

“Hamisha [harbiy] forma kiyishni orzu qilardi bolajonim. Gavdalari 5-sinf bo‘lsa ham kelishgan bola edi, o‘rtoqlarining ichida sinf sardori edi. Orzulariga yetmadi mening bolam”, — dedi marhumlardan birining onasi.

“Mayli, sen armiyaga borasan, harbiy bo‘lasan derdim. Mayli, bo‘laman derdi. Maktablardan telefon qilib, yaxshi ko‘rishini aytardi. Uni qanday unutaman?”, — dedi yana bir ona.

Mahalliy havdovchilar ushbu yo‘lda YTH birinchi marta bo‘lmayotgani, yomg‘ir yoqqanda doim shunday bo‘lishi, mashinalar juda tez harakatlanishini ta’kidlagan.

Surishtiruv davomida haydovchi 2023-yilning dekabr oyidan shu kungacha 11 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgani aniqlangan. Hozirda hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi, haydovchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.