O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Alisher Qayumov 30-aprel kuni Singapur prezidenti Tarman Shanmugaratnamga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

O‘zbekiston elchisi va Singapur prezidenti ikki tomonlama hamkorlik holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi. Xabarda ta’kidlanishicha, hamkorlik “2023-yilda amalga oshirilgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflardan so‘ng alohida jadallik kasb etgan”.

O‘zbekistonning xalqaro biznes, jumladan, Singapur biznesi uchun jozibadorligi ortib borayotgani alohida ta’kidlandi. “Buning yaqqol isboti sifatida Singapur parlamenti spikeri boshchiligidagi va 25 dan ortiq ushbu davlat kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyasi bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.

Suhbat yakunida Singapur prezidenti ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi, shuningdek, O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga o‘zining ezgu tilaklarini yo‘lladi.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Qayumov Singapurga mart oyi o‘rtalarida kelgan. U O‘zbekistonning Singapurdagi (2018−2024) va Avstraliyada (2022−2024) o‘rindoshlik asosidagi elchisi bo‘lib ishlagan Qahramon Shokirov o‘rniga tayinlangan.