2-may kuni Toshkentda III xalqaro investitsiya forumi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan O‘zbekistonning yirik banklaridan biri bo‘lgan “Asakabank”ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Forumda nutq so‘zlagan davlat rahbari iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlari, qulay investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratish izchil davom ettirilishini ta’kidlab, bundagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ularning birinchisi “yashil” energetika bo‘lsa, ikkinchisi bank-moliya sohasi ekani aytildi.

Birinchi yo‘nalishda O‘zbekiston 2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

Ikkinchi yo‘nalish doirasida Shavkat Mirziyoyev co‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘plab xususiy banklar ochilgani, bozorga Yevropaning yetakchi banklari kirib kelganini ta’kidladi. “Moliyaviy resurslarga talabni qondirish uchun kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar qayta ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekistonda xalqaro moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda, — dedi u.

Ma’lumot uchun, “Asakabank” moliyaviy xizmatlar bozorida 27 yildan buyon ishlab kelmoqda. Bank shu kungacha kapital va aktivlar hajmi bo‘yicha O‘zbekistonning yetakchi banklaridan biri hisoblanadi.

“Xorijiy sarmoyalar oqimi bir necha barobar ortishi, korporativ boshqaruv sifati oshishi, yangi yetakchi bank-moliya institutlari kirib kelishini kutib qolamiz”, — dedi prezident.

Aprel oyi boshida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov banklarni xususiylashtirish qanday ketayotgani haqida gapirib, may oyida “Asakabank”ni xususiylashtirishga tayyorlash bo‘yicha YeTTB bilan kelishuv imzolanishi reja qilinganini bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil avgust oyida prezident “Qishloq qurilish bank” (Biznesni rivojlantirish bankiga aylantirildi), “Asakabank”, “Aloqabank”, “Agrobank” va boshqa banklarni xususiylashtirish hamda aksiyalari IPO`sini kechroq muddatga qoldirgandi.