Shavkat Mirziyoyev III Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zlagan nutqida mamlakat va investorlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sohalardan biri foydali qazilmalardir.

“O‘zbekiston — mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir. Yurtimizda oltin, mis, volfram, kumush, uranning ulkan zaxiralari mavjud. Nodir va noyob minerallar qatorida litiy, magniy, molibden, germaniy, vanadiy va indiy kabi 30 dan ortiq metallarning zaxiralariga alohida e’tibor qaratishni istardim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari aprel oyida Yevropa Ittifoqi bilan muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik o‘rnatilganini eslatdi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borayapmiz”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Shu munosabat bilan davlat rahbari zamonaviy xalqaro tajribadan kelib chiqib, “Yerosti boyliklari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishini ta’kidladi.

“Shu o‘rinda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga bu ishdagi salmoqli hissasi uchun alohida rahmat aytmoqchiman”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga strategik xomashyoni chuqur qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasidagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhim xomashyo — litiy, grafit, indiy, vanadiy, reniyning yangi konlarini o‘zlashtirish muhimligini ta’kidlagandi. Shuningdek, u kamyob metallarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 500 mln dollarlik loyihalarni ishlab chiqishni topshirgan.