Shavkat Mirziyoyev III Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilishidagi nutqida xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini sanab o‘tdi. Avval xabar qilinganidek, bular qatoriga “yashil” energetika va bank-moliya sohasi, shuningdek, foydali qazilmalar, jumladan, nodir metallarni qazib olish va qayta ishlash kiradi.

Shavkat Mirziyoyev forum doirasida qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroelektrostansiyalarni birgalikda qurish loyihalari investorlarga taqdim etilishini ta’kidladi. U barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi o‘rtalarida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Norin daryosida Qambarota GESni qurish bo‘yicha qo‘shma kompaniya tuzishi haqida xabar berilgandi. Qiymati 5−6 mlrd dollarga baholangan loyiha amalga oshirilgach, stansiyaning aksiyalari va aktivlari Qirg‘iziston mulkiga o‘tadi. 2022-yil iyun oyida Tojikistonda Zarafshon daryosida 140 MVt quvvatga ega Yovon GESi qurilishi boshlangan.

Hamkorlik sohalari qatoriga mamlakatning raqamli transformatsiyasi ham kiradi. Prezident yil davomida O‘zbekistonning IT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki baravar oshganini, kelgusida bu ko‘rsatkichni 5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilganini ta’kidladi.

“IT park rezidentlari soni o‘n barobar ko‘payadi, kelgusida 100 ming yangi ishchi o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, uning bazasida xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi yaratilmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining Data Volt kompaniyasi bilan birgalikda “yashil” energiya asosida ishlaydigan “Ma’lumotlar markazi” yaratilishini ham ma’lum qildi.

“Bu mamlakatimizni raqamli iqtisodiyotga o‘tkazish va sun’iy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga ulkan turtki bag‘ishlaydi, deb hisoblaymiz”, — dedi u.

O‘zbekistonning yana bir ustuvor yo‘nalishi — transport infratuzilmasini rivojlantirish.

Shavkat Mirziyoyev potensial xorijiy investorlar bilan birgalikda Toshkent, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini rivojlantirish, yangilarini qurish bo‘yicha loyihalar tayyorlanayotganini eslatdi.

Davlat rahbari sarmoyadorlar va xalqaro tashkilotlarni O‘zbekiston va xorijiy hamkorlarni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston va O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temiryo‘llari qurilishida ishtirok etishga taklif qildi.

“Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va G‘arb bilan bog‘laydigan global tranzit markaziga aylantiradi”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqi yakunida “Yangi O‘zbekiston — beqiyos imkoniyatlarga ega, adolatli va jadal rivojlanayotgan dunyoviy mamlakatdir”, — deya alohida ta’kidladi.

U investorlarni “har bir tashabbus, har bir loyiha bo‘yicha O‘zbekiston, hukumat a’zolari investorlarga yelkadosh bo‘lishi, ularni to‘liq amalga oshirishda yaqindan yordam berishiga” ishontirdi.