Iqtisodchilar Behzod Hoshimov va Botir Qobilov Uzbekonomics podkastining navbatdagi sonida tadbirkorlik sohasi haqidagi afsona va haqiqatlarni muhokama qildi. Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, rivojlanayotgan mamlakatlarda hukumatlar muammo tadbirkorlar kamligida deb o‘ylaydi, lekin eng katta muammo bor korxonalarning juda kichikligida hisoblanadi.

Behzod Hoshimov — o‘zbekistonlik iqtisodchi va jamoatchilik faoli. “Iqtisodchi kundaligi” blogi, YouTube`dagi “Hoshimov's Economics (Hoshimov iqtisodiyoti)” videoblogi muallifi. U Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinsonning “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: Qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” kitobining o‘zbekcha tarjimasiga muharrirlik qilgan.

Dastlab Botir Qobilov O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati targ‘iboti keng ekanini, “Har bir oila tadbirkor bo‘lsin, har bir mahalla tadbirkor bo‘lsin, yoshlarimiz tadbirkorlarimiz bo‘lsin” kabi lozungli, tadbirkorlikka umuman aloqasi bo‘lmagan insonlarni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga targ‘ib etish dasturlari mavjudligini qayd etdi. Iqtisodchi bunday targ‘ibot faqat so‘z bilan emas, moliyalashtirish bilan ham amalga oshirilishini ta’kidladi.

Keyin esa Botir Qobilov Behzod Hoshimovga tadbirkorlikka bu sohaga aloqasi bo‘lmagan insonlarni jalb qilish dasturlari qanchalik samarali va to‘g‘ri g‘oya, degan savolni berdi.

“O‘zbekiston va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda hukumatlar tadbirkorlar muvaffaqiyatga erishsa va boyib ketsa, butun xalqni boqadi, deb umid qilishadi. Shu sababli ular tadbirkorlikni rag‘batlantirish bilan shug‘ullanishadi. Bu nazariya qaysidir ma’noda to‘g‘ri, lekin oxirigacha to‘g‘ri emas”, — dedi Behzod Hoshimov savolga javoban.

Uning aytishicha, ko‘p hukumatlar, ayniqsa, rivojlanayotgan dunyo mamlakatlari hukumatlari muammo tadbirkorlar kamligida deb o‘ylaydi.

“Dunyoda eng ko‘p tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan jamiyatlar, masalan, Uganda, Misr, Iordaniya hisoblanadi. Ularda aholiga nisbatan tadbirkorlar soni AQShdagidan ko‘p. Ularda 35 foiz odam tadbirkor, AQShda bu ko‘rsatkich (tadbirkorlik so‘ziga qanday ta’rif berilishiga qarab) 4,5−6,5 foizni tashkil etadi. Lekin AQSh Ugandadan boyroq. Rivojlanayotgan dunyoda asosiy muammo qaysidir odam tadbirkorlik bilan shug‘ullanish yoki shug‘ullanmasligida yoki uni tadbirkorlikka undashda emas. Aynan teskarisi: mavjud korxonalar nihoyatda kichkinaligida. Bizda bitta firmada o‘rtacha 1 yoki 2 kishi ishlaydi. Katta firmalarimizda esa nihoyatda kam”, — dedi u.

Iqtisodchining aytishicha, kishi boshiga daromad bilan eng yaxshi korrelatsiyalanadigan grafik o‘sha mamlakatdagi median firmaning hajmi hisoblanadi. Bir mamlakat rivojlanib boryaptimi, u yerda o‘rtacha firma kattalashib boradi. Misol uchun, Meksikaning so‘nggi 20−30 yildagi iqtisodiy muvaffaqiyatining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri mamlakatdagi korxonalarning hajmi oshishi sanaladi.

“Meksikada ham, AQShda ham bir xil foizda yangi firmalar paydo bo‘lishi mumkin. Lekin AQSh eng boy mamlakat ekani sabablaridan biri bu AQShdagi o‘rtacha firma ko‘proq yashashi va tezroq katta bo‘lishi hisoblanadi. Masalan, bir nafar ishchi bilan paydo bo‘lib, yopilgungacha shu bitta ishchi bilan ishlamaydi, o‘sib boradi. O‘zbekistondek mamlakatda nima qilish kerak, deyilsa, firmalarning hajmi oshishi kerak. Tadbirkorlarni subsidiyalar va davlat xarajatlari orqali rag‘batlantirish siyosati esa buning teskarisini qiladi. Ya’ni bankdagi bor moliyaviy resurslar samaradorligi eng past insonlarga subsidiyalar orqali arzonroqqa tarqatilmoqda. Resurslar eng kerak bo‘lib turgan tadbirkorlarga esa berishmayapti”, — dedi Behzod Hoshimov.

U, shuningdek, ham yangi tadbirkorlarga, ham mavjudlariga pul berish haqidagi fikrlarga to‘xtaldi.

“Bu mantiqiy gap emas, chunki resurslar cheklangan. Bundan tashqari, pulning berilish shartlari ham har xil. Yangi tadbirkorlarga ancha oson shartlarda pul berish nimaning hisobiga moliyalashtirilyapti, deb kimdir so‘rasa, javobi — o‘sha mavjud, katta yoki o‘rtacha hajmdagi tadbirkorlar oladigan kreditlari narxi qimmatlashuvi hisobiga moliyalashtirilyapti”, — dedi Behzod Hoshimov.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi tadbirkorlarni rag‘batlantirish siyosati sonlarga qaratilgan, vaholanki, bu mavjud tadbirkorlik subyektlari hajmini kattalashtirishga qaratilishi kerak. Bu ishchi o‘rinlarini yaratish nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri. Aksar yangi ishchi o‘rinlari AQShda ham, boshqa joyda ham tadbirkorlar tomonidan yaratiladi. AQShdagi eng ko‘p ishchi o‘rinlarini har yili katta firmalar yaratadi. Amazon, Walmart kabi korxonlarda millionlab odam ishlaydi. Ya’ni butun AQSh mehnat bozorining 0,5−1 foizga yaqini bir korxonada faoliyat yuritadi. Bunday katta korxonalar dunyoda deyarli yo‘q. Shunday narsa O‘zbekistonda ham bo‘lishi kerak, kichik firmalar o‘rtacha, o‘rtacha firmalar katta hajmga yetib olishi kerak.

“Meta xulosam shundan iboratki, O‘zbekistondek davlatlar tadbirkorlar soni bilan o‘ziga noto‘g‘ri target qo‘ymoqda. Maqsad O‘zbekistonda tadbirkorlar sonini ko‘paytirish emas, O‘zbekistonni boy qilish bo‘lishi kerak. O‘zbekistonni boy qilish nima degani? Albatta, mamlakatlar tadbirkorlar orqali boy bo‘ladi. Lekin nyuans shundaki, mamlakatdagi barcha odamlar tadbirkor bo‘lib qolsa, mamlakat boyib qolmaydi”, — dedi u.

Botir Qobilovning “O‘zbekistonda firmalar o‘sishiga rag‘bat yo‘qmi yoki imkoniyat?” degan savoliga Behzod Hoshimov quyidagicha javob berdi:

“Menimcha, ikkovi ham. Faqat O‘zbekistonda emas, hamma yerda firmalarning o‘sishi — muammoli masala. Firmalar o‘sishi masalasini hal qilgan mamlakat qaysidir ma’noda rivojlanadi. Bu — iqtisodiy o‘sish bilan chambarchas bog‘liq narsa”.

Iqtisodchi eng kamida resurs tarqatish jihatidan kim ko‘proq to‘lashga rozi bo‘lsa, resurslarni o‘shanga berish kerakligini aytdi. Uning fikricha, yosh tadbirkorlarga yoki endi faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarga subsidiya berishga harakat qilinishining sababi ham ular hozirgi bozor talablarida resurs olishmayotganida.

“Deylik, pulning narxi yiliga 30 foiz bo‘lsa va yosh tadbirkorlarga uni 15 foizdan berishayotgan bo‘lishsa, buning sababi 30 foiz ular uchun qimmatlik qilayotganida, ular bu narxda olishga tayyor emas. Lekin 30 foiz degan narx mavjud degani, shu 30 foizdan kimdir olayotganini anglatadi. Demak, biz resursni qimmatroqqa berish o‘rniga, arzonroqqa beryapmiz”, — dedi u.

Botir Qobilovning ta’kidlashicha, narx shunday darajada shakllanishining sababi ham resurslar arzonroqqa berilayotgani bo‘lishi mumkin.

“Pulning narxi nimaga baland? Siz 30 foizga kredit olayotganingizning sababi kimdir 15 foiz, 10 foiz yoki foizsiz kredit yoki subsidiya olyapti. Bunga kimdir to‘lashi kerak-ku”, — deya ta’kidladi Botir Qobilov.

“Kim mln dollarni samaraliroq ishlatadi? Kim ko‘proq to‘lashga rozi bo‘lsa o‘sha. Qarz olmoqchi bo‘lgan korxona mavjud mulkini garovga qo‘yishga rozi bo‘ladi, hech narsasi yo‘q bo‘lgan korxonada esa bunday imkoniyat yo‘q. Bu fikrga nisbatan tanqidiy qarash ham bor. Unday qiladigan bo‘lsak, barcha kreditlar katta korxonalarga ketib qoladi va bozorga boshqa tadbirkor kirmaydi degan nazariya ham mavjud. Lekin agar kichkina tadbirkorlar o‘sha narxda kredit olishga tayyor bo‘lmasa, demak, bozor bizni bunday kredit berish kerak ham emas, degan xulosaga olib kelyapti”, — deya fikrini davom ettirdi Behzod Hoshimov.

“Balki o‘sha tadbirkorlar boshqa moliyaviy resurslarni ishlatishi kerakdir. Lekin bu muammo mavjudligi yangi muammoni yaratish uchun sabab bo‘lolmaydi. O‘zi pul narxi qimmatligiga qisman subsidiyalashgan kreditlar sabab [bo‘ladi]. Lekin qisman reallik ham mavjud, O‘zbekistonda biznes yuritish qiyin va qimmat. Bu siyosiy muhit, o‘yin qoidalari, sudlarning adolatiga ishonch mavjud emasligi kabi omillar bilan bog‘liq. Qaysidir korxona Gollandiyadagi faoliyat 10 foiz foyda olib kelsa, O‘zbekistondagi 30 foizdan kam foydaga rozi bo‘lmaydi”, — dedi u.

Iqtisodchining aytishicha, O‘zbekistonda tadbirkorlar o‘z pullarini chiqarib olish gorizonti kichkina. Bunga sabab kelajakka bo‘lgan ishonch risklari hisoblanadi.

“Ya’ni qaysidir mamlakatga 50 yillik ishonchingiz mavjud bo‘lsagina, siz u mamlakatning 50 yillik qog‘ozlarini sotib olasiz. Ba’zi mamlakatlarda esa juda ham qisqa muddatli qog‘ozlarni sotib olasiz. Shuning uchun ham hukumatning asosiy maqsadlaridan biri investorlarni imkon qadar uzoqroq gorizontda fikrlashga undaydigan harakatlar qilish bo‘lishi kerak. Ya’ni bir kun ichida ko‘p narsa o‘zgarib ketmasligi kerak. Masalan, bugun bunga yer berilib, ertaga olib qo‘yilmasligi kerak. Mavhumlik qonunchilik jihatida, adolat tomonla yoki makroiqtisodiy siyosatda bo‘lishidan qat’i nazar, pulning narxini oshiradigan narsa hisoblanadi. Bu risklarni oshiradi”, — dedi Behzod Hoshimov.

U fikriga misol sifatida xususiy universitetlar bilan kuzatilayotgan holatni keltirdi.

“Masalan, xususiy universitetlarga ruxsat berishdi. Balki kimdir xususiy universitet qurib, 50 yilda pulimni olaman deb o‘ylagandir. Hozir litsenziyalarni olib qo‘yishyapti, endi 5 yil ichida pulimni chiqarib olmasam bo‘lmaydi deyishadi, universitetni ham yaxshilay olmaydi, kontrakt pulini oshiradi, investitsiya qilmaydi, yaxshi professorlar olib kelmaydi”, — dedi iqtisodchi.

Behzod Hoshimov shuning uchun ham savdo siyosati bo‘ladimi, boj siyosati bo‘ladimi, ixtiyoriy narsada bu nimaga olib keladi, degan mantiq bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

“Eshitgan bo‘lsangiz, yaqinda tuxum eksportiga cheklovlar qo‘yish haqida gap ketdi. Kimdir tuxum yetishtiradigan tovuq fermalar qurgan, balki millionlab dollar kredit olgan yoki o‘zining pulini tikkan. Istalgan vaziyatda eksport yopilib qolishi mumkin deyiladigan joyda, albatta, u inson 2 yilda pulimni chiqarib olmaydigan bo‘lsam, ishlayman deydi. Lekin agar 100 yil ichida ham istasa Afg‘onistonga, istasa Eron yoki boshqa joyga eksport qila olishini bilsa, boshqacha mantiqda fikrlay boshlaydi”, — dedi u.