Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida uchta yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, holat 16-may kuni soat 10:30 atrofida M-39 avtomobil yo‘lining 978-kilometrida sodir bo‘lgan. Toshkent tomon harakatlanib kelayotgan 29 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Howo yuk mashinasining tormoz tizimi ishlamay qolgan.

So‘ngra o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan yana bir Howo yuk mashinasiga borib urilgan, u mashina esa ag‘darilgan. U esa shu yo‘nalishning chap tomonidan harakatlanib ketayotgan Sany yuk mashinasining old qismiga borib urilgan va yo‘lning chap qismiga chiqib ketgan.

YTH oqibatida tan jarohati olganlar bo‘lmagan. Hozirda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hodisa sabablarini o‘rganmoqda, deyiladi xabarda.