Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan infografikaga ko‘ra, yanvar oyida O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning xorijiy valyutaga talabi oshdi.


Valyuta oldi-sotdisi hajmi

2022 yilning ilk oyida tijorat banklari jismoniy shaxslardan 464,2 mln dollar hajmida xorijiy valyuta sotib oldi. Bu 2021 yilning mos davriga nisbatan 11 foizga ko‘proqni tashkil etdi. Ushbu davrda aholining banklardan xorijiy valyuta xaridi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, yanvarda O‘zbekiton aholisi 613,6 mln dollar miqdorida xorijiy valyuta xarid qildi. Bu o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 231 mln dollarga yoki 61 foizga ko‘p hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 17 fevral kunidan kuchga kiruvchi rasmiy valyuta kurslariga ko‘ra, 1 AQSh dollari 10 845,08 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, Hisob palatasi 2022 yil uchun 1 AQSh dollarining yillik o‘rtacha almashuv kursini 11 321 so‘m miqdorida prognoz qilgandi. Bundan tashqari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi norasmiy valyuta operatsiyalarining oldini olish uchun xususiy valyuta shoxobchalarining ishlashiga ruxsat berish taklifini ilgari surgan edi.

Transchegaraviy o‘tkazmalar

Yanvarda O‘zbekistonga 506,1 mln dollar xalqaro transchegaraviy o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning (427,4 mln dollar) shu davriga nisbatan 79 mln dollarga yoki 18 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, aholining xorijga yuborgan pul o‘tkazmalari ham ortdi. Bu oyda aholi 127,6 mln dollar hajmida chet elga transchegaraviy pul o‘tkazmalarini amalga oshirdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan taqqoslanganda 27 mln dollarga yoki 26 foizga ko‘proq bo‘ldi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha migrantlarning pul o‘tkazmalari aholi birlamchi va ikkilamchi daromadlari o‘sishini ta’minlagan. Jahon banki hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonga mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmi 2021 yilda qariyb 7,6 mlrd dollarni yoki mamlakat YAIMning 11,6 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Global makroiqtisodiy prognozlarga muvofiq, 2022 yilda pul o‘tkazmalari hajmi 2,6 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Milliy bank protsessing markazi negizida xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun «Yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimi ishlab chiqilayotgani haqida ma’lum qilingandi. Ushbu tizim pul o‘tkazmalarini «boshqa to‘lov tizimlari bilan bir qatorda jismoniy shaxslarning iltimosi va ixtiyoriy tanloviga ko‘ra» amalga oshiradi.