Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi huzurida Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tuziladi. Qonunchilik bazasida bu bo‘yicha prezident qarori e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, jamg‘armani tuzishdan Qoraqalpog‘istonda madaniyat va san’at sohasi vakillari va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining madaniyatini uyg‘un holda rivojlantirish, gastrol safarlarini moliyalashtirish maqsad qilingan.

Jamg‘armani respublika, shahar, tuman budjetining qo‘shimcha manbalari, xalqaro moliya tashkilotlari, homiylik xayriyalari va boshqa manbalar moliyalashtiradi.

Xususan, Madaniyat va turizm vazirligi jamg‘armaga O‘zbekiston budjetidan 2023-yilda vazirlik uchun ajratilgan pullardan 20 mlrd so‘mini ajratadi.

Tashkilotga ajratilgan pullar hisobidan madaniyat va san’at sohasi vakillari, iqtidorli ijodkorlar va, ayniqsa, yoshlar moddiy qo‘llab-quvvatlanadi. Og‘ir iqtisodiy ahvolga tushib qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj madaniyat xodimlariga yordam ko‘rsatiladi.

Shuningdek, madaniyat va san’at tashkilotlari faoliyatiga ham jamg‘arma moddiy yordam qiladi. Badiiy jamoalarning mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etadi. Madaniyat tashkilotlarining binolari va boshqa obyektlarning qurilish-montaj ishlari, joylarni ilg‘or texnologiyalar bilan ta’minlash vazifasi ham jamg‘arma zimmasiga yuklatilmoqda.