Bu yil O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi keng nishonlanadi. Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni bu haqdagi qarorni imzoladi. Yubiley YUNESKO rahnamoligida dunyo miqyosida ham nishonlanadi.

“Turkman xalqining ulug‘ farzandi Maxtumquli Firog‘iy nafaqat turkiy xalqlar, ayni paytda jahon adabiyoti va madaniyati tarixida alohida o‘rin egallagan atoqli shoir va mutafakkirdir. Hassos so‘z san’atkorining chuqur gumanizm bilan sug‘orilgan asarlari mard va matonatli, mehnatkash turkman xalqining ezgu qadriyatlari va olijanob fazilatlarini tarannum etishi, hamisha xalq bilan hamdard bo‘lishga, turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati bilan barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat namunasidir”, — deyiladi qarorda.

O‘zbekiston Maxtumquli asarlari eng ko‘p nashr etiladigan va o‘qiladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. U Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgan, Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz sanagan. Xivada Maxtumquli juda ko‘p ustoz va maslakdoshlar, do‘st va muxlislar orttirgan. Shoir xotirasiga Toshkent va Xivada yodgorlik majmualari qurilgan.

Maxtumquli tavalludining 300 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi.

Yubiley bayrami doirasida Maxtumqulining tanlangan asarlari, uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamini nashr etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston va Turkmaniston kinoijodkorlari hamkorligida badiiy film yaratilib, shoir hayoti va ijodi haqida spektakl sahnalashtiriladi.

Poytaxtda o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stlik va qardoshlik aloqalari haqidagi tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Xivada “Maxtumquli ijodining o‘zbek adabiyoti va san’atida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tadi.

oktabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Maxtumquli Firog‘iy xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tadi.