10-mart kuni O‘zbekistonda futbol bo‘yicha Superliga chempionatining 2-tur o‘yinida “Andijon” — “Bunyodkor” uchrashuvi o‘tkazilgandi. Unda “Bunyodkor” klubi futbolchisi Usmonali Ismonaliyev uchrashuv to‘xtatilgan vaqtda raqib o‘yinchisi Muhammadkarim Toirovning yelkasiga oyog‘i bilan tepgani uchun maydondan chetlashtirilgan. Bu video tarmoqlarda tez ommalashdi. O‘yindan lavha X (sobiq Twitter)dagi Troll Football akkauntida hozirgacha 10 mln marta, boshqa bir ommabop sahifada esa 1,4 mln marta ko‘rildi.

Kadrlarda tomoshabinlarning e’tiborini tortgan jihat shundaki, futbolchi raqibining yelkasiga tepganidan so‘ng uning jamoadoshi sportchining yiqilmaganini ko‘rib, uni yiqilishga chorlab, tepgan.

Futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi ushbu holat bo‘yicha qarorini e’lon qilib, raqibini tepgan Ismonaliyevni (Bunyodkor) 2 ta o‘yinga chetlashtirdi (diskvalifikatsiya) va jarima intizom chorasini qo‘lladi.

Eslatib o‘tamiz, Usmonalining o‘zi uchrashuvdan so‘ng holatga izoh berib, vaziyatni vahimali ko‘rsatish shart emasligini aytgandi.

“Muhammadkarim bilan yoshlikdan katta bo‘lganmiz, 3 yil bir jamoada to‘p tepdik. Og‘ir kunlarimizda bir-birimizni qo‘lladik, yonma-yon bo‘ldik. Oilaviy bordi-keldimiz bor. Qisqasi, u bilan aka-ukadek yaqinmiz, qalinmiz. O‘yindan avval ham Toirov bilan ancha suhbatlashdik, hazillashdik. Golimiz VARda tekshirilayotganda Muhammadkarim bilan hazillashdik. Boshqa jiddiy gap yo‘q. Vaziyatni chuqurlashtirish, muammo izlash, vahima ko‘tarish shart emas. Xo‘p, men chetlatildim, vaziyatni qo‘rqinchli qilib ko‘rsatish, Toirovni yiqitib, uni yotgan joyida tepish shart emasdi… Toirov o‘sha vaqtda hakamga „qizil kartochka ko‘rsatmang“ demoqchi edi, ulgurmay qoldi, chunki uni yiqitishdi. Buning uchun o‘zi mendan uzr so‘radi”, — deya fikr bildirgan u.

Jamoadoshining zarba qabul qilganini ko‘rib, uni yiqilishga majburlagan yana bir futbolchi Farhod Бекмuратовга ham (Andijon) jarima intizom chorasi qo‘llandi.

Bundan tashqari, o‘yinda “Bunyodkor” futbolchisi Timurxo‘ja Abduxoliqov, “Andijon” klubidan Abdulvoxid Gulyamovlar ham jarima oldi.