Qoraqalpog‘istonda joylashgan Orolbo‘yida kichik turdagi dinozavr suyagi aniqlandi. Bu haqda Fanlar akademiyasining Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot instituti mudiri Izzet Aimbetov O‘zAga ma’lum qildi.

Uning aytishicha, 2023-yil sentabr oyida slovakiyalik paleontolog olimlar Orolbo‘yi hududlarida tadqiqot o‘tkazib, noyob topilmalarni aniqlagan.

“Ular orasida suvda yashaydigan dinozavr kichikroq turining suyagi ham bor. Olimlar yurtlariga qaytib ketishdi va joriy yilning aprel oyi boshida yana Qoraqalpog‘istonga kelib, tadqiqot ishlarini davom ettirib, Ustyurtda dinozavr izini topishdi”, — dedi u.

Fanlar akademiyasi xodimining ta’kidlashicha, dinozavr izlari geologik jarayon natijasida toshga aylanib qoladi, shu sababli hozir olimlar tosh izlarni chuqur o‘rganmoqda.

“Dala tadqiqot ishlari davomida topilgan dinozavr bolasining suyaklari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Paleontologlarning aytishicha, bunday noyob suyaklar hozircha AQSh, Ruminiya, Xitoy va Qoraqalpog‘istonda topilgan. Hozir ushbu dala tadqiqotlari natijasi haqida dunyodagi nufuzli jurnallarga 3 ta katta maqola tayyorlanmoqda”, — dedi Izzet Aimbetov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, olimlar yana ko‘plab noyob suyaklar topgan, ammo O‘zbekistonda ularni tahlil qilish imkoni bo‘lmagani tufayli slovakiyalik olimlar topilmalarni o‘rganish uchun olib ketgan.

Ikkinchi ekspeditsiyada ishtirok etish uchun Fransiyadan olimlar kelib, Qoratog‘ tog‘lari, Ustyurt, Nukus, Xo‘jayli, Taxiatosh tumanlaridan noyob suyaklar topgan. Ushbu suyaklar Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limida saqlanmoqda.

Xabarda aytilishicha, ikkita ekspeditsiya jarayonida topilgan suyaklar 70 million yil oldin yashagan hayvonlarning suyaklari bo‘lib, shu suyaklar orqali olimlar yerning tarixini o‘rganadi.