Latviya tashqi ishlar vaziri Krishyanis Karinsh bosh vazir bo‘lgan vaqtida davlat budjeti hisobidan shaxsiy samolyotlarda qimmat parvozlar qilgani bilan bog‘liq mojaro tufayli o‘z lavozimini tark etadi. Bu haqda amaldorning o‘zi mamlakatning amaldagi bosh vaziri Evika Silinya bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Delfi.

U 9-aprel kunigacha ishini davom ettiradi, ertasi kuni esa parlament yangi tashqi ishlar vaziri nomzodini ovozga qo‘yadi. Kimning nomzodi ilgari surilishi hozircha noma’lum.

2023-yil oxirida Karinsh bosh vazir lavozimini egallab turgan vaqtida 32 marta shaxsiy samolyotlarda chet el safarlariga uchgani, bu esa budjetga 613 ming yevroga tushgani ma’lum bo‘lgan. Mart oyi so‘nggida mamlakat Bosh prokuraturasi voqea yuzasidan mablag‘larning talon-toroj qilinishi ehtimoli tufayli jinoiy jarayon boshlanganini ma’lum qilgandi.

Karinsh 2019-yilning yanvaridan 2023-yilning sentabrigacha Latviya bosh vaziri lavozimida ishlagan.