Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanlararo sudi sudyasi pora olgani aniqlandi. Bu 28-mart kuni bo‘lib o‘tgan Sudyalar oliy kengashi yig‘ilishida ma’lum bo‘ldi.

Unda bosh prokurorning fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumanlararo sudi sudyasi A.B.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) tegishli qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortishga oid taqdimnomasi muhokama qilingan.

Yakunda kengash xulosasi bilan uni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan va sudyalik vakolati to‘xtatilgan.

“Tergov siri va aybsizlik prezumpsiyasi talablaridan kelib chiqib, boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deyiladi xabarda.