Bolalar ombudsmani “O‘zi bilan birga yashashni xohlamagan o‘g‘lini kaltaklayotgan ota” sarlavhasi ostida e’lon qilingan video yuzasidan o‘rganish olib bordi.

Aniqlanishicha, 2024-yilning 23-mart kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan voyaga yetmagan E.Ya. Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi tog‘asiga tegishli qurilish mollari do‘konida bo‘lgan vaqtida otasi — 43 yoshli M.X. uning oldiga kelgan. Erkak o‘g‘liga uni o‘zi bilan olib ketishini aytgan vaqtida E.Ya. birga ketishni xohlamasligi, otasi bilan onasining o‘zaro janjallari sababli ular bilan birga yashamasligini bildirgan.

Videolavhada yigitning otasiga bir necha marta “Siz bilan yashamayman” degani, erkak esa o‘g‘lini kaltaklab, mashinaga majburan o‘tqizishga harakat qilganini ko‘rish mumkin. Erkak jarayon davomida o‘g‘lidan “Hali militsiyaga telefon qiladigan bo‘ldingmi?” deya so‘ragani eshitiladi. Yigit esa atrofidagilardan militsiya chaqirishlarini so‘ragan.

Bolalar ombudsmanining ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.

O‘rganish davomida bu oilada er va xotin o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik holatlari muntazam ravishda kuzatilgani sababli 2024-yilning 2-fevral kuni O‘rta Chirchiq tumani IIB tomonidan M.X.ning tazyiq harakatlarini cheklash maqsadida uning turmush o‘rtog‘i S.M.ga himoya orderi berilgani aniqlandi.

27-aprel kuni erkak sud tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik) va 185 (2)-moddalari (Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) bo‘yicha aybdor deb topilib, unga nisbatan 5 sutka qamoq jazosi tayinlandi.