19-aprel kuni Hindistonda parlament quyi palatasiga saylovlar boshlandi — ularda ro‘yxatga olingan 968 millionga yaqin saylovchi ishtirok etadi, bu orqali jarayon dunyodagi eng yirigi nomini olgan. BBC nashrining ta’kidlashicha, bu AQSh, Rossiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Braziliya, Fransiya va Belgiya aholisining umumiy soniga teng.

Ovoz berish olti hafta davomida yetti bosqichda bo‘lib o‘tadi va 1-iyunda yakunlanadi. Natijalar 4-iyun kuni e’lon qilinadi. Aksariyat saylov uchastkalari maktablar, kollejlar va jamoat markazlarida joylashgan bo‘lsa-da, ba’zida ular g‘ayrioddiy joylarda — yuk tashish konteynerlarida, tog‘ cho‘qqilarida yoki o‘rmonlarda tashkil etiladi. Bu hatto mamlakatning eng chekka hududlarida ham aholining ovoz berishini ta’minlash uchundir, deb tushuntiradi BBC.

Saylovchilar quyi palata — Lok sabxining 543 nafar a’zosini saylaydi. Mamlakat prezidenti yana ikki o‘rinbosarni tayinlaydi. G‘alaba qozonish uchun partiyalardan biri kamida 50% ovoz (272 ovoz) olishi kerak — shundan keyin u hukumatni shakllantirishi mumkin bo‘ladi. Deputatlar besh yilga saylanadi.

G‘alabaga kim da’vo qilmoqda?

Ommaviy so‘rovlar 2014-yildan beri hukmronlik qilayotgan va bosh vazir Narendra Modi yetakchiligidagi natsional Bharatiya Janata partiyasi (BJP) g‘alaba qozonishini bashorat qilmoqda. Agar u g‘alaba qozonsa, hukumatni 10 yil boshqargan 73 yoshli siyosatchi uchinchi besh yillik muddatga bosh vazir lavozimiga qayta saylanishi mumkin bo‘ladi.

2019-yilgi saylovlarda BJP 303 o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu partiyaning o‘zi a’zo bo‘lgan partiyalar koalitsiyasi — Milliy demokratik alyans jami 352 ta o‘rinni egallagandi.

BJPning asosiy raqibi Hindiston Milliy kongressi (HMK). Bu mamlakatni qariyb 77 yil boshqargan, ammo hozir tanazzulga yuz tutgan eng yirik muxolifat partiyasi, deya qayd etadi CNN. Saylovlar arafasida yigirmadan ortiq partiyalar Hindiston milliy inklyuziv rivojlanish alyansini (INDIA) tuzish uchun HMKga qo‘shildi va shu tariqa hukmron partiya hamda Modiga qarshi chiqdi.

HMK rahbari — Hindistonning (1984-yildan 1989-yilgacha) sobiq bosh vaziri bo‘lgan Rajiv Gandining o‘g‘li va mamlakatda nufuzli Neru-Gandi siyosiy klanining vakili Rahul Gandi. Gandi hech qachon vazir bo‘lmagan va so‘nggi saylovlarda o‘z partiyasiga g‘alaba keltira olmagan, deya aniqlik kiritadi BBC. U asosan oila tarixi tufayli muxolifatning eng ko‘zga ko‘ringan yuzi hisoblanadi. Modi ko‘pincha Gandini sulolaviy siyosat yuritayotganlikda ayblaydi.

нарендра моди, hindистон

Rahul Gandi. Foto: X / Rahul Gandhi.

Modi nimani va’da qilmoqda va muxolifat nimaga qarshi?

Ushbu saylovda Modi o‘z oldiga ulkan maqsad qo‘ydi — 400 o‘rin bilan ko‘pchilikning ovozini qo‘lga kiritish, shundan 370 o‘rin to‘g‘ridan-to‘g‘ri BJP tomonidan, qolganlari esa Milliy demokratik alyans tomonidan nazorat qilinadi.

BJPning saylov kampaniyasi ish o‘rinlari yaratish, qashshoqlikni bartaraf etish va rivojlanish dasturlariga qaratilgan bo‘lib, ayollar, kambag‘allar, yoshlar va fermerlar manfaatlarini ilgari suradi.

Modi Hindistonni global ishlab chiqarish markaziga aylantirmoqchi, infratuzilmani keng ko‘lamli o‘zgartirishni davom ettirmoqchi va 2047-yilgacha energiya mustaqilligiga erishmoqchi, deb yozmoqda CNN.

2023-yilda Hindiston yalpi ichki mahsuloti 3,7 trillion dollarni tashkil etgan holda dunyodagi beshinchi yirik iqtisodiyotga aylandi. Modi uchinchi muddatga saylanishi bilan Hindiston dunyoning uchinchi yirik iqtisodiyotiga aylanishiga va’da berdi.

Modi, shuningdek, Hindiston BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lishini, 2036-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilish bo‘yicha tanlovda g‘alaba qozonishini va hind astronavtlari Oyga qo‘nishini istaydi.

BJPning qo‘llab-quvvatlash bazasini hindular tashkil etadi, ular mamlakatda ko‘pchilikni tashkil qiladi — 1,42 milliard aholining 80 foizi.

INDIA alyansi, o‘z navbatida, hukmron partiya ustidan g‘alaba Hindistonning demokratik va dunyoviy tizimini saqlab qolish, uning marginallashgan jamoalari turmush sharoitini yaxshilash, fermerlar uchun narxlar ko‘tarilishini ta’minlash va yoshlar uchun ish o‘rinlarini yaratish uchun zarurligini ta’kidlaydi.

Biroq saylovlar oldidan ham muxolifat bloki ichki nizolar botqog‘iga botgan va g‘alaba qozongan taqdirda bosh vazirlikka kim nomzodini ko‘rsatishni hali hal qilmagan, deya qayd etadi CNN.

Muxolifat ham hokimiyat bosimi ostida ekanini da’vo qilmoqda. Uning bir qancha taniqli arboblari, jumladan, Dehli hukumati va “Am Admi Parti” partiyasi rahbari Arvind Kejrival hibsga olingan yoki tergov qilinmoqda, HMKning bank hisoblari esa soliq organlari tomonidan muzlatilgan.

BJP bo‘lsa siyosiy aralashuvlarni rad etmoqda.