O‘zbekistonda ichki ishlar organlari faoliyatida dronlardan foydalanish joriy etilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Bundan tizim xodimlariga yengillik yaratish maqsad qilingan, shuningdek, qurilma IIOga favqulodda vaziyat haqida tezkor ma’lumot olish va qisqa fursatlarda bartaraf etish imkonini beradi, vaqtni va resurslarni tejaydi, xarajatlarni kamaytiradi, deyiladi xabarda.

Spot ma’lumotiga ko‘ra, IIV Axborot texnologiyalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Shohrux Muxtorov yo‘l harakati xavfsizligi tizimida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish yuqori samaradorlikka imkoniyat yaratishini aytib o‘tdi. Bu bo‘yicha O‘zA e’lon qilgan video hozirda o‘chirilgan.

“IIV Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan hududlarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul xizmati inspektorlari, IIOlarning boshqa sohaviy xizmatlari xodimlarini o‘qitish bo‘yicha uchta maxsus ishchi guruh tuzilgan”, — deydi Muxtorov.

Xususan, yo‘l-transport hodisalari, yo‘llarda qoidabuzarliklarni aniqlash, qidiruv-qutqaruv, jumladan, olib qochilgan va o‘g‘irlangan avtomobillarni topish imkonini beradi. Bunda tezkorlik ta’minlanib, vaqt, resurs va mablag‘lar tejaladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanishda birinchi marta ayblanayotgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik emas, balki ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Mazkur holat bo‘yicha qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 28-noyabr kuni birinchi o‘qishda, 12-dekabrda ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingandi. Senat tomonidan esa 19-yanvar kuni ma’qullangan. 15-mart kuni prezident qonunni imzoladi. O‘zgartirishlar uch oydan keyin kuchga kirishi xabar qilindi.

Dronlar masalasi

2015-yilda mamlakatda dronlarni olib kirish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangandi. 2018-yil may oyidan boshlab xorijiy ijodiy guruhlar tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida foto va video materiallar tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berilgan.

2019-yildan esa uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ishlatish uchun Jinoyat kodeksining 244−4-moddasi (Majburiy deklaratsiya bilan tranzit o‘tkazish bundan mustasno) bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilangan.

2020-yil may oyida Andijonda dron yordamida video suratga olmoqchi bo‘lgan videooperatorga uch yillik shartli qamoq jazosi, bir yillik sinov muddati berilgan. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev buni “yil jinoyati” deb atagan va uni jinoyat qonunchiligidan olib tashlash zarurligini aytgan.

2022-yil fevralida rossiyalik sayyohlik blogeri Maksim Limar Buxorodan Novosibirskka uchib ketayotganda qo‘lida kvadrokopter topilgani sababli qo‘lga olingan.

2022-yilning iyun oyida rossiyalik sayyoh Polina Ermakova chegarani kesib o‘tganidan bir necha kun o‘tib dron olib kirgani uchun Toshkentda ushlangan. Sud ayolni oqlagan, ammo dron undan olib qo‘yilgan.

Bojxona qo‘mitasi ta’kidlashicha, o‘zgartirishlar jamiyatda ushbu turdagi jinoyatlar ko‘payishini oldini olishga, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, mamlakatimizga chet ellik sayyohlar oqimini tobora kengaytirishga xizmat qiladi.