Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov 26-martdagi qarori bilan Do‘stlik (sobiq Bobur) parkini 49 yilga G‘afur G‘ulom parkini rekonstruksiya qilgan BPM Smart Decision Management kompaniyasiga ijaraga bergan. Investor rekonstruksiya uchun kamida 10 mln dollar kiritishi lozim. Bu haqda BMP Smart Decision Management direktori Otabek Mirzajonov va Toshkent shahar Mahallalar uyushmasi raisi Furqat Mahmudxo‘jayev 19-aprel kuni uyushtirilgan press-tur doirasida aytib o‘tdi (Mahmudxo‘jayev tadbirga shahar hokimligi nomidan kelgandi). Hokim qarori haqidagi axborot haqqoniy ekanini “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi ham tasdiqladi. Qaror aholi bilan muhokama qilinmagan.

Press-tur davomida BPM Smart Decision Management Abdulla Qodiriy parkini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdimotini ham o‘tkazgandi (“Gazeta.uz”ning bu haqdagi alohida materiali — bu yerda).

Do‘stlik bog‘ini rekonstruksiya qilish doirasida investorlar muz maydonchasini qurish, “kapalak"-ko‘lni ta’mirlab, unga musiqiy favvora o‘rnatish, shuningdek, 10 ta attraksion o‘rnatishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, amfiteatrni rekonstruksiya qilish, roller va skeytbordchilar uchun hudud ajratish, bolalar maydonchalarini qurish taklif etilmoqda.

дўстлик bog‘i, дўстлик parkи, istirohat bog‘lari, odamлар uchun shahar, parklar, shahar odamлар uchun

BMP Smart Decision Management kompaniyasi Bratislava ko‘chasining Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidan to Konstitutsiya ko‘chasigacha bo‘lgan qismini yopib, bu yerda piyoda sayr qilish mumkin fud-kort tashkil etishni taklif qilmoqda.

Park operatsion direktori Zafar Mirzaulug‘ovning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlarga ko‘rsatilgan narsalar — boshlang‘ich loyiha. Bu loyihada Seul bog‘i o‘rnida muz maydonchasi va amfiteatr, Tinchlik bongi va “kapalak"-ko‘lning qanotlaridan birining o‘rnida — attraksionlar, “Akvamarin” basseyni o‘rnida esa — koreyscha pagoda va hovuzlar ko‘rsatilgan. “Kapalak"-ko‘l va Sietl bog‘i orasiga bolalar temir yo‘li loyihasi qo‘yilgan, loyihada Sietl bog‘ining o‘zi yo‘q.

дўстлик bog‘i, дўстлик parkи, istirohat bog‘lari, odamлар uchun shahar, parklar, shahar odamлар uchun

Ammo, Zafar Mirzaulug‘ovning so‘zlariga ko‘ra, investorda Sietl va Seul bog‘larini ko‘chirish huquqi yo‘q. Bu — taqdim etilgan loyihani amalga oshirish imkonsiz ekanligini anglatadi.

“Bu — dastlabki loyiha. Aholiga boshqa loyihani ko‘rsatamiz”, — dedi BMP Smart Decision Management direktori Otabek Mirzajonov.

Shunga qaramay, uning aytishicha, hokimlik va kompaniya o‘rtasida shartnoma yo‘q bo‘lsa-da, har ikkala parkda rekonstruksiya ishlarini 2024-yil may oyidayoq boshlash rejalashtirilgan.

Avvalgi rekonstruksiya

Do‘stlik salkam to‘rt yil — 2018-yildan 2021-yilgacha yopiq turdi. U hukumatning 2018-yilgi farmoyishiga asosan rekonstruksiyaga yopilgan edi. Yashil makon bir necha yil munosib investorni kutdi, kompaniyalar turli loyihalarni taklif qildi, ammo ularning hech biri toshkentliklar bilan muhokama qilingani yo‘q.

Do‘stlik bog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘yicha aktyor Yuriy Tiora tomonidan tayyorlangan, ammo hokimlik tomonidan ma’qullanmagan “Tinchlik darvozasi” nomli loyihaDo‘stlik bog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘yicha aktyor Yuriy Tiora tomonidan tayyorlangan, ammo hokimlik tomonidan ma’qullanmagan “Tinchlik darvozasi” nomli loyiha

2021-yil may oyida Toshkent shahar va Yakkasaroy tuman hokimliklarining vakillari parkni rekonstruksiya qilish masalasini muhokama qilish maqsadida faol jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. O‘shanda “park shahar balansiga qaytarilgani va uni shahar hokimligi qayta ishga tushirishi” e’lon qilingan edi. Shahar ma’muriyati matbuot xizmati aholi bilan muloqot Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning topshirig‘iga asosan tashkil etilganiga alohida urg‘u bergan edi.

Uchrashuvda aholi o‘z istaklarini izhor qilgandi. Daraxtlar sonini ko‘paytirish, ularni muntazam sug‘orish, piyoda sayr uchun yo‘lakchalar tashkil etish, skameykalar o‘rnatish, favvoralar, sport maydonchalari qurish, ko‘lga qayiqlar qo‘yish va boshqalar — aholi tomonidan eng ko‘p mana shular talab qilingandi.

Furqat Mahmudxo‘jayev, Anvar Sayfutdinov va hokimlik vakillari bilan uchrashuvga kelgan aholi, 2021-yil, may. Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiFurqat Mahmudxo‘jayev, Anvar Sayfutdinov va hokimlik vakillari bilan uchrashuvga kelgan aholi, 2021-yil, may. Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Yakkasaroyning o‘sha vaqtdagi hokimi Anvar Sayfutdinov aholi bilan uchrashuvda park o‘zini o‘zi qoplashi uchun unga ikki-uchta tijoriy obyekt joylashtirilishi kerakligini ta’kidlagandi.

“Foyda uchun emas, park o‘zini o‘zi eplab turishi uchun, biz qandaydir 2−3 ta tijoriy obyektni joylashtirishga majburmiz. Busiz park 2−3−5 yilda yana qarovsiz ahvolga kelib qoladi”, — degandi Anvar Sayfutdinov.

Do‘stlik bog‘ini rekonstruksiyasiga jalb etilgan arxitektorlar 2021-yil iyulida jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda bog‘ning dastlabki — piyoda sayr funksiyasini saqlab qolishga qaror qilinganini bildirgandi.

“Bu — hordiq joyi. Hozir hamma tinch, dam olsa, sayr qilsa bo‘ladigan salqin va sersoya joylarni xohlayapti”, — degandi parkni rekonstruksiya qilish loyihasi rahbari Nuriddin Soatov. Shu bois parkka attraksion o‘rnatish rejalashtirilmagan edi.

Nuriddin Soatov Do‘stlik bog‘ini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etmoqda, 2021-yil, iyul. Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiNuriddin Soatov Do‘stlik bog‘ini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etmoqda, 2021-yil, iyul. Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

2021-yil oktabrida park ochildi va unda, haqiqatan ham, attraksionlar yo‘q edi. Uning rekonstruksiyasiga 20 mlrd so‘m ajratilgandi. “Bu pullarning katta qismi — “yer osti”da”, — degandi tuman hokimi Anvar Sayfutdinov “Gazeta.uz” bilan suhbatda, muhandislik kommunikatsiyalarini nazarda tutgan holda.

Rekonstruksiya doirasida shahar eskirib qolgan Sietl bog‘ini obodonlashtirgan, favvoralarni tuzatgan, Bobur ko‘chasi tarafdagi asosiy darvoza tarafda futbol maydoni, keyinroq esa yozgi kinoteatr tashkil etgan edi. Infratuzilmaviy kamchiliklar borligiga qaramay, aholi parkni iliq qabul qilgandi. Ko‘l bo‘yida rassomlar paydo bo‘lgan, yosh bolali onalar erta tongdan shu yerda sayr qilardi. 2022-yil bahorida bu yerda “Anjir” festivali ham o‘tkazildi.

“Anjir” festivali. 2022-yil, aprel.“Anjir” festivali. 2022-yil, aprel.

Parkning shahar mablag‘lari hisobidan ta’mirlanishi va uning kelgusi ta’minoti ham hokimlik tomonidan amalga oshirilgani O‘zbekiston uchun misli ko‘rilmagan hodisa (pretsedent) bo‘ldi. Hukumat qarorida ta’kidlanishicha, 2010-yildan buyon mamlakatning barcha madaniyat va istirohat bog‘lari o‘zini o‘zi ta’minlash holatida. 2021-yili park ochilganidan keyin ham tadbirkorlar 5 mln dollarlik investitsiya majburiyatlarini o‘z zimmasiga olgan holda, parkni yanada obodonlashtirish takliflari bilan hokimlikka murojaat qilgan, shartnoma tuzishga harakat qilgan. “Odamlar xalq bog‘i bo‘lishini xohlagani uchun birinchi investorga yo‘q degan bo‘lsam, unda nega hozir boshqa bir investorga parkni berib yuborishim kerak?”, — degandi o‘shanda tuman hokimi Anvar Sayfutdinov.

Ammo shahar ma’muriyati o‘z obro‘siga putur yetkazmagan holda ijtimoiy ne’matni saqlab qola olmadi. Dam olish hududining yetarlicha katta qismi quruvchi-kompaniyalarga ajratib berildi. Qurilish ishlari tufayli Sietl bog‘i yonidagi “Sietl” qahvaxonasi yo‘q bo‘lib ketdi. Parkni qurish vaqtida siettliklar tomonidan qoldirilgan kapsula ham yo‘q bo‘ldi — davr yodgorligi qurilish hududida qolib ketdi.

дўстлик bog‘i, дўстлик parkи, istirohat bog‘lari, odamлар uchun shahar, parklar, shahar odamлар uchun

Qurilish “Globus” favvorasining yonginasigacha yetib keldi. Eski gul bozori va meva-sabzavot bozorchasi yopildi. Parkning sharqiy burchagida turar joylar shunchalik zich qilib qurib tashlandiki, uy egalari derazasidan bir-birining xonadonlarini tomosha qilishi mumkin.

Aholi munosabati

2024-yil aprel holatiga ko‘ra, Do‘stlik bog‘i avvalgi to‘rt yillik rekonstruksiyadan keyni ochiq turibdi — salkam uch yildan beri. BPM Smart Decision Management esa uni navbatdagi rekonstruksiya uchun yana uch yilga yopishni taklif qilyapti. Bu muddat o‘tgach, attraksionlari bor sershovqin park ochiladi, shu bois aholi bu rekonstruksiyaga qarshi. Aholi petitsiya (murojaatnoma) tayyorlab, imzo to‘playapti.

“Hozirgi park bizga ma’qul. U tinch va sokin, maysada yotsang ham bo‘ladi, bolalar bexavotir dam olib, samokat uchishi mumkin, — dedi „Gazeta.uz“ bilan suhbatda yakkasaroylik Aida. — Bizga musiqiy favvora va muz maydonchasining mutlaqo keragi yo‘q, chunki bu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda boshqa ko‘ngilochar parklar bor. Afsuski, bu yerda shundoq ham uylar qurib yotishibdi, qurilishlar bog‘imizni qurshab olyapti. Taqdimotning o‘zidan ko‘rinib turibdiki, biz kamida 30 foiz daraxtdan ayrilamiz. Agar davlat yordam bermoqchi bo‘lsa, u sug‘orish uchun pul ajratsin, chunki orada o‘zimiz chelakda suv tashib, daraxtlarga suv quydik”.

дўстлик bog‘i, дўстлик parkи, istirohat bog‘lari, odamлар uchun shahar, parklar, shahar odamлар uchun

Park yaqinda rekonstruksiyadan chiqqani va shahar ma’muriyatining bog‘ ta’minotini investorsiz hal qilish va’dasini izohlarkan, Toshkent shahar mahallalar uyushmasi raisi Furqat Mahmudxo‘jayev shahar budjeti yuklamaga bardosh bera olmayotganini ma’lum qildi.

“Bolalar bog‘chalari va maktablar xususiy mulkdorlarga berilgach, u yerda ta’lim yaxshilanayotganini ko‘rib turibmiz, parklar bilan ham xuddi shunday. Bularning bari davr talabi. Parklarning investorlarga berilishi, birinchidan, davlat budjetiga yuklamani kamaytiradi, chunki bu xususiy korxona. Ikkinchidan, investor pul tikkach, ishga ham jiddiy yondashadi, ammo bu rekonstruksiya jarayoniga jamoatchilik aralashmasligi kerak, degani emas. Davlatning shundoq ham asosiy majburiyatlari bor: pensiya, ijtimoiy soha xodimlarining oyliklari, degandek. Biz rekonstruksiya ishini aynan shu investorga berayotganimiznin boisi, ular bizning ishonchimizni oqlagan”.

BMP Smart Decision Management direktori Otabek Mirzajonovning qo‘shimcha qilishicha, investor aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi.

“G‘afur G‘ulom parkini rekonstruksiya qilish vaqtida 400 tacha norozi odam bor edi, ammo hozir ularning aksariyati ishimiz natijasidan mamnun”, — dedi u.

дўстлик bog‘i, дўстлик parkи, istirohat bog‘lari, odamлар uchun shahar, parklar, shahar odamлар uchun

Shu tumanda yashovchi Zamiraning “Gazeta.uz”ga aytishicha, odamlarni attraksionlar yaxshilikni o‘ylab o‘rnatilayotganiga ishontirishga urinib “aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish”ning keragi yo‘q.

“Park yashil hududdan pul so‘radigan baqiroq makonga aylanib qoladi, — deydi Aida. — Bu parkka avvalgi rekonstruksiyaning kamchiliklarini tuzatish va tozaligini saqlash bilan yordam berish kerak, xolos”.

дўстлик bog‘i, дўстлик parkи, istirohat bog‘lari, odamлар uchun shahar, parklar, shahar odamлар uchun

2021-yili iqtisodchi Botir Qobilov shahar ma’muriyati park (bog‘) kabi ijtimoiy infratuzilmani investorlarga berish oqibatida ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishi haqida yozgandi. Foyda olishga yo‘naltirilgan parklar aholining barcha qatlamlari uchun ham imkonli bo‘lmaydi. Ekspertning qayd etishicha, shahar bog‘laridan foydalanish bo‘yicha imkoniyatning tengsizligi yoki umuman yo‘qligi aholining (ham jismoniy, ham ruhiy) salomatligiga va mehnatga layoqatligiga salbiy ta’sir qiladi, ayni vaqtda ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikni kuchaytiradi.

Bugungi kunda Toshkentda attraksionsiz bor-yo‘g‘i ikkita bog‘ faoliyat olib boryapti, bu — Bobur nomidagi Ekopark va Do‘stlik bog‘i. Botanika bog‘iga ham hozircha daxl qilinmayapti, ammo jamoatchilikda uning ta’minoti bo‘yicha ham yetarlicha savollar bor va bu savollar kun tartibida tez-tez paydo bo‘ladi.