Turkmaniston O‘zbekistonni Tojikistonning issiqxona pomidori bozoridan butunlay chiqarib yubordi. Bu haqda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi sabzavot, meva, rezavorlar va yong‘oqlar bozoriga bag‘ishlangan EastFruit portali xabar berdi.

Portal tahlilchilarining fikricha, o‘zining ajoyib ko‘rinishi va zamonaviy qadoqlanishi bilan turkman pomidorlari “narx bo‘yicha juda raqobatbardosh” sanaladi.

Manba: EastFruit.Manba: EastFruit.

Shu bilan birga, joriy mavsumda Tojikiston issiqxona korxonalarida pomidor yetishtirish bilan bog‘liq muammolarga qaramay, bu sabzavotlarning narxi yilning shu davri uchun rekord darajada past bo‘lib qolgan.

1 kg uchun o‘rtacha ulgurji narx rekord darajada past — 1,46 dollar va yaqin orada ushbu mahsulotlar narxining yanada pasayishi kutilishi mumkin, deya qayd etadi EastFruit.


Bugungi kunda iste’mol qilinadigan issiqxona pomidorining asosiy qismini import qiluvchi Tojikistonda ularning narxi O‘zbekistonnikidan (1,9 dollar) sezilarli darajada past bo‘lib, u hanuzgacha ushbu sabzavotlarning asosiy eksportchisi hisoblanadi.

Portal, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida issiqxona pomidorlari narxlari hozirda “Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi narxlardan unchalik past emasligini” ta’kidlaydi.


Xususan, mahsulotning asosiy qismini Turkiyadan import qiluvchi Moldovada pomidorning ulgurji narxi (1,57 dollar) hozirda O‘zbekistonnikidan past, Tojikistondagi narxlarga yaqin. Polsha (1,96) va O‘zbekistonda (1,9) issiqxona pomidorlari narxi deyarli teng.

EastFruit ma’lumotlariga ko‘ra, energiya tejamkor issiqxona texnologiyalarini yanada rivojlantirish sovuqroq iqlimi bo‘lgan mamlakatlarga ushbu bozorda nisbatan yuqori raqobatbardoshlikni saqlab qolish imkonini beradi. Biroq bu mamlakatlardagi iste’molchilar odatda issiqxona sabzavotlarining yangiligi va ta’mi uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor.

issiqxonalar, pomidor, turkmanистон, eastfruit

Portal dekabr oyida issiqxona pomidorining ulgurji narxlari ketma-ket to‘rtinchi yil ko‘tarilayotgan va tarixda rekord darajada yuqori bo‘lgan, eksport esa 2020-yildan beri pasayayotgan O‘zbekistonda issiqxona xo‘jaligidagi muammolar haqida yozgandi.

Buning asosiy sabablaridan biri issiqxonalarda tabiiy gazdan foydalanishni taqiqlash va ko‘mir bilan isitishga majburiy o‘tish bo‘lib, bu “issiqxona biznesining iqtisodini butunlay o‘zgartirib yubordi va issiqxona sabzavotlarini yetishtirish samaradorligini keskin pasaytirdi”. Shu bilan birga, O‘zbekiston dunyodagi eng yirik gaz zaxiralariga ega va yaqin vaqtgacha yirik gaz eksportchisi bo‘lgan.

Ayni paytda O‘zbekiston mamlakat aholisi va korxonalarining ehtiyojlarini qondirish uchun gazni import qilishni boshladi. Kelgusida issiqxona xo‘jaliklarining gaz ta’minotiga qaytishi kutilmoqda.

Yana bir sabab — O‘zbekistonning issiqxona kombinatlarida xorijiy valyutadagi qarzdorlikning yuqoriligi, bu esa milliy valyutaning qadrsizlanishi fonida ko‘p hollarda qarzga xizmat ko‘rsatishning imkoni yo‘qligi va ishlab chiqaruvchilarning amalda bankrot bo‘lishiga olib kelgan. Issiqxona egalari allaqachon kredit to‘lovlarini to‘lash muddatini bir necha bor uzaytirishgan. Oxirgi marta o‘tgan yilning avgust oyida prezident 1000 ta issiqxonaning 2,2 trln so‘mlik kreditlarini qaytarish muddatini uzaytirgandi.

Uchinchi sabab — bozorda raqobatning keskin kuchayishi, birinchi navbatda, Turkmaniston, bu o‘zbekistonlik issiqxonachilarini bir necha yildan beri an’anaviy savdo bozorlaridan siqib chiqarmoqda. Turkmanistondan keltirilgan pomidor ham O‘zbekistonda mahalliynikidan arzonroq narxda sotilmoqda. Gazning asosiy eksportchisi bo‘lgan Turkmanistonda issiqxonalarning ushbu yonilg‘ini arzon narxlarda olishida muammo yo‘q, bu esa ushbu sohaga katta sarmoya jalb qiladi.

Shavkat Mirziyoyev fevral oyida issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi. Ilgari issiqxonalar tashkil etish uchun katta miqdorda kreditlar ajratilardi. Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobovning ta’kidlashicha, ayrim tadbirkorlar ushbu imtiyozli kreditlarni (imtiyozli muddat bilan) mehmonxonalar qurish, boshqa biznes loyihalarini moliyalashtirish yoki shaxsiy ehtiyojlariga sarflagani, ammo qarzni to‘lash vaqti kelganda, issiqxonalarni nazorat qilmagani va unumdorligini oshirishga harakat qilmagani uchun hamma ham majburiyatlarni bajara olmagan. Hosilga sovuq havo va gaz muammosi ham ta’sir ko‘rsatgan.