Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 21-aprel kuni Damas YTHga uchrashi oqibatida mashina ichidagi 6 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda viloyat YHXB axborot xizmati.

Holat soat 17:30 atrofida Inkabod mahallasidan o‘tuvchi Boysun-Duoba yo‘lining 7-kilometrida sodir bo‘lgan. Damas haydovchisi (1974-yilda tug‘ilgan) odam tashish qoidalariga amal qilmay, 8 nafar yo‘lovchi bilan tuman markazi tomon harakatlangan. Bir necha kilometrlik tik balandlikda payti transport vositasining to‘xtash tizimida nosozlik yuzaga kelgan.

Oqibatda yo‘lning xavfli burilish qismiga yetib kelganda mashina boshqaruvi yo‘qotilgan va u yaqin atrofdagi hovli uyning molxonasiga borib urilgan. YTHda mashina salonida bo‘lgan 3 nafar voyaga yetmagan bola va 3 nafar ayol vafot etgan. Haydovchi esa og‘ir jarohat bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

Kun.uz`ning manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar orasida 14 yoshli bola hamda 8 va 9 yoshli qizlar bo‘lgan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.