AstraZeneca sud hujjatlarida birinchi marta COVID-19`ga qarshi vaksinasi TTS sindromi (trombotsitopeniyali tromboz sindromi) deb ataladigan kam uchrovchi nojo‘ya ta’sirga olib kelishi mumkinligini tan oldi, deb yozdi The Telegraph.

Gazetaning ta’kidlashicha, ushbu tan olish “vaziyatni aniq o‘zgartiradi” va AstraZeneca uchun ko‘p million dollarlik tovon to‘lash xavfini tug‘dirishi mumkin.

Farmatsevtika giganti Oksford universiteti bilan birgalikda ishlab chiqqan vaksinasi o‘nlab hollarda o‘limga yoki jiddiy jarohatlarga sabab bo‘lgani haqidagi da’voga duch kelmoqda.

Angliya va Uels Oliy sudiga jami 51 ta shikoyat kelib tushgan, ularning mualliflari kompaniyadan 100 million funt sterlinggacha bo‘lgan zararni qoplashni talab qilmoqda. Da’vogarlarning advokatlari AstraZeneca vaksinasi “nuqsonli” ekanini, samaradorligi “o‘ta bo‘rttirilgan”ini aytmoqda.

Ilk da’vogarlardan biri IT muhandisi Jeymi Skott bo‘lib, u 2021-yilda vaksina olganidan keyin qon ivishi oqibatida davolab bo‘lmaydigan travmatik miya jarohati olganini da’vo qilmoqda.

AstraZeneca bu kabi holatlar va vaksinasi o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha bahslashmoqda, lekin fevral oyida sudga taqdim etgan hujjatlaridan birida kompaniya vaksinasi “juda kamdan-kam hollarda” TTSni keltirib chiqarishi mumkinligini tan oldi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, “bunga sabab bo‘lgan mexanizm noma’lum” va TTS AstraZeneca (yoki boshqa har qanday ishlab chiqaruvchining) vaksinasi qabul qilinmagan holda ham sodir bo‘lishi mumkin, shuning uchun har bir holat uchun ekspert xulosalari talab qilinadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2021-yil fevral oyida AstraZeneca COVID-19 vaksinasini tasdiqdan o‘tkazgandi. Emlash kampaniyasi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, olimlar AstraZeneca vaksinasi va yangi kasallik — vaksinatsiyadan kelib chiqadigan immun trombotik trombotsitopeniya (VITT) o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlagan. Da’vogarlarning advokatlari VITT TTSning bir turi ekanini ta’kidlamoqda, ammo AstraZeneca bu atamani tan olmayapti.

Buyuk Britaniyaning Dori-darmonlar va sog‘liqni saqlash mahsulotlarini tartibga solish agentligining (MHRA) rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada kamida 81 o‘lim trombotsitlar darajasi past bo‘lgan odamlarda tromboz shakllanishiga sabab bo‘lgan salbiy reaksiya bilan bog‘liq deb taxmin qilingan.

Buyuk Britaniya hukumati emlashning salbiy oqibatlari uchun kompensatsiya sxemasini joriy qilgan, biroq jabrlanuvchilarning aytishicha, 120 ming funt sterling miqdoridagi bir martalik to‘lov yetarli emas. Telegraph tomonidan olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Britaniya hukumati tomonidan 2024-yil fevraligacha to‘langan 163 ta kompensatsiyaning kamida 158 tasi AstraZeneca vaksinasi bilan emlanganlarga berilgan.