Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi shubhali p2p o‘tkazmalari (kartadan kartaga o‘tkazmalar) bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvini boshlashi mumkin. Bu haqda “Gazeta.uz” o‘rganib chiqqan “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida so‘z yuritiladi.

Hujjatga ko‘ra, jismoniy shaxslarning tovarlar va xizmatlar uchun kartadan kartaga to‘lovlarini “tartibga solish” maqsadida Markaziy bank va Soliq qo‘mitasiga ikki oy muddatda agar ma’lum chegaradan oshib ketsa, shu turdagi operatsiyalar bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashish to‘g‘risida memorandum imzolash taklif qilinmoqda.

Jismoniy shaxslar uchun limit yiliga 100 million so‘m, tadbirkorlar uchun esa yiliga 500 million so‘m qilib belgilanishi mumkin.

Xavfsiz kanallar orqali o‘zaro ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan tizimni 10-iyulgacha yaratish rejalashtirilgan. U ma’lumotni qayta ishlashi va xavflarni aniqlashi kerak.

P2p o‘tkazmalarini “tartibga solishga” urinishlar

2020-yil aprel oyida Soliq qo‘mitasi taklif qilgan qaror loyihasida banklar jismoniy shaxslarning barcha kartalariga 30 million so‘mdan ortiq mablag‘ tushsa va p2p tranzaksiyalari soni 10 tadan oshsa, bu haqda soliq organlarini xabardor qilish tartibini joriy etish ko‘zda tutilgandi.

Aholi noroziligidan so‘ng loyiha qabul qilinmagan. O‘shanda Savdo-sanoat palatasi va Senat qo‘mitasi Soliq kodeksida banklar uchun jismoniy shaxslarning kartalaridagi pul muomalasi to‘g‘risida Soliq qo‘mitasini xabardor qilish haqida talab mavjud emasligini ma’lum qilgandi. SSP ham bank siri to‘g‘risidagi qonunga rioya qilish muhimligini ta’kidlagandi.

Uzcard qo‘mitani jismoniy shaxslarning kartalari haqida xabardor qilish taklifi naqd pul olishning yangi sxemalari paydo bo‘lishiga, naqd pul aylanmasining oshishiga va tadbirkorlik subyektlarining yashirin sektorga o‘tib ketishiga xizmat qilishini ta’kidlagan.

2023-yil 1-maydan boshlab to‘lov tashkilotlari jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari uchun elektron hisobvaraq-fakturalarni tayyorlashlari shart. Adliya vazirligi ushbu band prezident qarori loyihasi ekspertizadan o‘tkazilayotganda yo‘q bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Markaziy bank jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari uchun elektron hisobvaraq-fakturalar tayyorlashga, ya’ni bu ma’lumotlarni soliq organlariga topshirishga qarshi chiqqandi. Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur qoida bank siri to‘g‘risidagi qonun va Konstitutsiyaga ziddir. Keyinchalik bu qoida prezidentning boshqa farmoni bilan bekor qilingandi.