O‘zbekiston davlat budjeti defitsiti yilning dastlabki 4 oyida 25,5 trln so‘mni tashkil etdi, bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi keltirgan infografikadagi ma’lumotlardan kelib chiqadi.

Infografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligiInfografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Aprel oyida davlat budjeti daromadlari 19 trln 286 mlrd 100 mln so‘mni, xarajatlari esa 25 trln 27 mlrd 200 mln so‘mni tashkil etdi (salbiy farq 5 trln 741 mlrd 100 mln so‘m). Xarajatlar tarkibida Davlat maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazilgan transfertlar inobatga olingan. Daromad va xarajatlar orasidagi farq oy boshiga shakllangan qoldiq va aprel oyida muomalaga chiqarilgan Davlat qimmatli qog‘ozlari hisobiga qoplangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank o‘zining 2024-yil birinchi choragi bo‘yicha pul-kredit siyosati sharhida tashqi qarz jalb qilish qimmatlashgani natijasida asosiy e’tibor ichki resurslarga qaratilib, joriy yilning I choragida 10,2 trln so‘mlik (2023-yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga ko‘p) davlat qimmatli qog‘ozlari emissiya qilinganini qayd etgandi.

Jadval: Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlari asosida “Gazeta.uz”Jadval: Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlari asosida “Gazeta.uz”

Avvalroq “Gazeta.uz” yilning birinchi choragi yakuni bo‘yicha O‘zbekiston budjeti defitsiti 19,8 trln so‘m (1,56 mlrd dollar)ni tashkil etgani haqida xabar bergandi. Bu, “Gazeta.uz” hisobiga ko‘ra, kamida 12 yil davomidagi rekord ko‘rsatkichdir. Raqamlar, shuningdek, 2023-yilning birinchi choragiga nisbatan 1,7 barobar, 2022-yilga nisbatan esa qariyb 20 barobar ko‘p.

Yanvarda defitsit 5,8 trln so‘mni, fevralda 7,2 trln so‘mni, mart oyida esa 6,8 trln so‘mni tashkil qilgandi. budjet daromadlari 2023-yilning birinchi choragiga nisbatan 6,8 foizga, xarajatlari esa 19,3 foizga o‘sdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda davlat budjeti daromadlari 270,4 trln so‘m, xarajatlari 280,7 trln so‘m, defitsit esa 10,3 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq xabar berganimizdek, 2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord daraja — 59 trln so‘mni (5 mlrd dollardan ortiq) tashkil etib, avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘ldi. O‘tgan yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasini ushlab turolmagani sababli parlament orqali limitni oshirgandi.

Konsolidatsiyalashgan budjet davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren fond) mablag‘larini o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonda davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 2 yil ichida 5 baravarga — 5,63 trln so‘mdan 29,25 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) oshdi. 18 trln so‘m gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplashga, 1,02 trln so‘m geologiya-qidiruv ishlariga sarflangan.

2023-yil yakuniga ko‘ra, davlat organlari, adliya, prokuratura va sudlar, shuningdek, mahallalarni saqlash va NNTlarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 24,5 foizga oshib, 17 trln so‘mni tashkil etdi. 2024−2025-yillarda ham ularni saqlash xarajatlarini oshirish rejalashtirilgan.