Jahonda har uch ayoldan biri jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi va aksariyat hollarda zo‘ravonlik ayolning umr yo‘ldoshi tomonidan sodir etiladi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik O‘zbekistonda ham xavotirli ijtimoiy muammo hisoblanadi. Shu munosabat bilan 2023-yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK) va Jinoyat kodeksi (JK)ga “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” moddalari kiritildi.

Sud statistikasiga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq bilan bog‘liq 2638 ta jinoyat ishi hamda 10 091 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqilgan. Oliy sud axborotiga ko‘ra, MJtKning 59−2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 2344 nafariga jarima, 1999 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) tadqiqotchilari O‘tkirbek Xolmirzayev va Zayniddin Shamsidinov tomonidan tayyorlangan O‘zbekistonda ayollarga nisbatan maishiy zo‘ravonlik huquqbuzarliklarining sud amaliyotiga doir tadqiqot ayrim jihatlari bilan e’tiborga molik. Unda 2023-yil aprel-dekabr oylaridagi oilaviy zo‘ravonlikka oid sud amaliyoti (10 091 ta ma’muriy va 371 ta jinoyat ishi — jami 10 462 ta huquqbuzarlik va jinoyat ishlari) qamrab olingan. Tadqiqot boshqa jamiyatlardan o‘rganilgan huquqiy (va boshqa) institut va mexanizmlar O‘zbekistonda tatbiq etilganida butunlay boshqacha mazmun kasb etishi mumkinligini oilaviy zo‘ravonlik huquqbuzarligi misolida tushuntirishga urinadi.

Oilaviy zo‘ravonlik qishloq hududlarda ko‘proq

O‘zbekiston aholisining 51 foizi shaharlarda yashasa-da, ayollarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlikning mutlaq ko‘p (xususan, ma’muriy ishlarning 82,2 foizi) qismi qishloq hududlarda sodir etilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p oilaviy zo‘ravonlik ishlari Toshkent, Navoiy, Jizzax, Buxoro va Farg‘ona viloyatilariga, eng kami esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va Xorazm viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha ma’muriy ishlar, hududlar kesimida va hududdagi aholi soniga nisbati

Hududlar

Aholi
soni,
ming kishi

Oilaviy zo‘ravonlik
bo‘yicha ma’muriy
ishlar, dona

Aholi
jon
boshiga

Qoraqalpog‘iston
Respublikasi

1976,2

151,0

0,08

Andijon

3322,7

678,0

0,20

Buxoro

2009,7

623,0

0,31

Jizzax

1475,5

583,0

0,40

Qashqadaryo

3482,3

817,0

0,23

Navoiy

1055,5

611,0

0,58

Namangan

2997,5

674,0

0,22

Samarqand

4118,2

890,0

0,22

Surxondaryo

2806,5

631,0

0,22

Sirdaryoa

896,6

273,0

0,30

Toshkent viloyati

2993,4

2220,0

0,74

Farg‘ona

3976,3

1199,0

0,30

Xorazm

1958,1

329,0

0,17

Toshkent shahri

2956,4

412,0

0,14

Jami

36024,9

10091


Bundan tashqari, qishloq hududlarda oilaviy zo‘ravonlik darajasining og‘irroqligi, tan jarohat yetkazish holatlarining ko‘proqligi bilan ham e’tiborga molik. Ilmiy tadqiqotlar ham qishloqlarda aholi, ayniqsa ayollarning ta’lim darajasi nisbatan past ekani, qarindoshchilik aloqalarining intensivligi va jamoaviy nazorat tufayli oilaviy zo‘ravonlik ko‘proq bo‘lishini tasdiqlaydi.

Madaniy-ijtimoiy normalar ayollarni doim bo‘ysunishga, qaror qabul qilishdan tiyilishga undaydi. Bu normalarni buzgan taqdirda, xotin-qizlar g‘iybat (gap-so‘z, “mahalla-ko‘y nima deydi?”), ostrakizm (jamiyatdan chetlatish, aloqa qilmaslik) va yaqinlari tomonidan boshqacha shaklda jazolanadi.

Oilaviy zo‘ravonlik oilaviy masalami?

O‘zbekiston sudlari oilaviy zo‘ravonlikni “oilaviy masala” sifatida ko‘rib, oilani buzmaslik, uni tiklash, o‘zaro yarashish kabi maqsadlarda ma’muriy ishlarni tugatmoqda. Oilaviy zo‘ravonlik ishlarini yarashish munosabati bilan jazodan ozod qilish imkonsizligi bois sudlar bu muammoni MJtKning 21-moddasi (“huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish”) orqali aylanib o‘tib, zo‘ravonlarni jazodan ozod qilyapti. Bunday “ozod qilishlar” o‘rganilgan ishlarning qariyb 28 foizni tashkil etadi.

“Kam ahamiyatlilik” nima degani? Bu qilmishda rasman ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bo‘lsa-da, ushbu huquqbuzarlik sodir etilish xususiyati, huquqbuzarning roli, yetkazilgan zararning miqdori va og‘irligiga ko‘ra fuqarolar (davlat va jamiyat)ning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga jiddiy zarar yetmagan, deb topish qoidasidir (MJtK, 21-modda). MJtKda kam ahamiyatli huquqbuzarlik tushunchasi ochib berilmagan; ushbu qoidani ayrim hollarda qo‘llash mumkin emas, ammo ular orasida oilaviy zo‘ravonlik yo‘q. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, oilaviy zo‘ravonlik ishlarida, ayniqsa, qilmish tan jarohati bilan sodir etilganida, ularni “kam ahamiyatli” deb hisoblash mushkul.

Oilaviy zo‘ravonlik — inson sog‘ligiga qarshi huquqbuzarlik, zo‘ravonlikning obyekti esa inson hamda uning ruhiy va jismoniy salomatligi ekaniga qaramay (bu modda mol-mulkni himoya qilishga ham qaratiladi), sudlar ushbu huquqbuzarlikka oilaviy masala sifatida qaramoqda va buni o‘z qarorlarida ham ta’kidlayapti. Sudlar ayolni faqat inson sifatida emas, ko‘proq “xotin” sifatida (ijtimoiy-madaniy normalarga ko‘ra, bo‘ysunuvchi va oiladagi maxsus rolni bajaruvchi mazmunida) ko‘rayotgani ham sud amaliyotidan ko‘rinadi.

E’tiborga molik yana bir jihat shuki, oilaviy zo‘ravonlikka doir o‘rganilgan mazkur 10462 ta ishning 96 foizini erkak, 4 foizini ayol sudyalar ko‘rib chiqqan.

Sudlarni bir masalada tushunish mumkin, deb hisoblaydi tadqiqotchilar: MJtKda oilaviy zo‘ravonlik holatida yarashish imkonining yo‘qligi sudyalarga ham, jabrlanuvchiga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda. Jabrlanuvchi xotin-qizlar yarashish instituti orqali o‘z huquqlarini tiklash va zararni qoplashni talab qilishning qulay imkoniyatidan foydalana olmayapti. Sudlar, agar tomonlar bir-birlariga e’tirozi bo‘lmasa, mazmunan yarashgan bo‘lsa, “kam ahamiyatlilik” qoidasi ostida ishlarni tugatmoqda.

Oilaviy zo‘ravonlik jinoyatlarida o‘rganilgan jinoyat ishlarining 61 foizi yarashilganlik munosabati bilan tugatilgan. Lekin ijtimoiy nazorat va madaniy-ijtimoiy normalardagi farqlar, ayollarga zo‘ravonlik holatida yarashish uchun teng shaklda muzokara qilish imkonini bermaydi — odatda yarashish bu keyingi zo‘ravonlikdan qutulish chorasigina bo‘lib qolishi mumkin.

Jabrlangan ayollarning o‘zi javobgarlikka tortilmoqda

Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / “Gazeta.uz”Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / “Gazeta.uz”

Xolmirzayev va Shamsiddinov o‘tkazgan tadqiqot sudlar oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklarida jabrlangan ayollarning o‘zini ham MJtKning ayni 59−2-moddasi — oilaviy zo‘ravonlikda ayblab, javobgarlikka tortayotganini ko‘rsatdi. Bunda jazo choralari odatda ruhiy yoki jismoniy zo‘ravonlikka uchragan ayollarning zo‘ravonga qarshi javob harakatlari — masalan, kuch ishlatayotgan zo‘ravonni haqorat qilish, unga javoban kuch ishlatish orqali jismoniy zarar yetkazish kabi holatlar uchun qo‘llanilmoqda.

Masalan, Andijon viloyatidagi ayrim tumanlarning sud qarorlari o‘rganilganida, tasodifiy tanlab olingan 10 ta ma’muriy ishning 6 tasida jabrlanuvchi ayolning o‘zi ham (jazo tayinlanmasa ham) javobgarlikka tortilgani yoki zo‘ravonlikda ayblangani ma’lum bo‘ldi. Umuman, tadqiqot yakunlariga ko‘ra, bunday amaliyot asosan Andijon viloyati sudlarida, shuningdek, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari sudlari tomonidan qo‘llanilayotgani oydinlashgan.

Masalan, bir holatda (3−1702−2301/1596-sonli ish) huquqbuzar o‘z xotinini urishi oqibatida xotini javob qaytaradi, ular bir-biriga tan jarohati yetkazadi, sud har ikkalasiga ham jarima jazosi tayinlaydi.

Yana bir holatda (3−1702−2302/1627-sonli ish) er alohida yashayotgan xotinining yashash uyiga borib, u bilan janjallashib, unga tan jarohati yetkazadi, xotini esa bunday zo‘ravonlikka qarshi so‘kish bilan javob qaytaradi va erining mashinasi oynasini sindiradi. Sud erni oilaviy zo‘ravonlikda, xotinni bo‘lsa haqorat va mulkka shikast yetkazishda aybdor deb topib, har ikkalasini javobgarlikdan ozod qiladi.

Uchinchi bir holatda (3−1703−2301/3311-sonli ish) esa er xotinini telefon so‘zlashuvida haqorat qiladi va bunga javoban xotini ham uni haqorat qiladi, sud esa har ikkisini oilaviy zo‘ravonlikda aybdor deb topadi. To‘rtinchi holatda (3−1506−2301/2780-sonli ish) er va qaynona kelinni urib, unga tan jarohati yetkazadi, sudda esa kelinning o‘zi ham haqorat qilishda aybdor deb topiladi — shu tariqa barchasining o‘zaro yarashib olishi uchun qulay vaziyat yaratiladi.

Aslida, har ikki tomonga zarar yetgani haqida ariza bo‘lgan taqdirda ham, sud zaruriy mudofaa va boshqa tushunchalar nuqtai nazaridan ishni qo‘shimcha o‘rganishi mumkin edi, lekin tadqiqotchilar ko‘rib chiqqan ma’muriy va jinoiy ishlarda sudyalar bunga e’tibor qaratmagan.

Faqat ayollarni himoya qilish uchun ishlab chiqilgan qonunlar ular jabrlangan holatlarda ham ularning o‘zini javobgarlikka tortilishiga olib kelmoqda. Bu esa zo‘ravon erkakning yarashuvga erishish, jabrlanuvchi ayol ustidan ariza yozish orqali kelishuvga majburlash usullaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi. Tadqiqotchilar bu paradoks hali dunyoning hech bir huquqiy tizimi amaliyotida uchramaganligini alohida ta’kidlab o‘tgan.

Boshqa tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlik holatlarining aksariyati qonuniy javobgarlikka tortishgacha yetib bormaydi, jabrlanuvchi ayollar ko‘pincha qarindoshlaridan yordam kutadi, juda kam hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi. Murojaat qilganda ham ko‘pincha organlar tomonidan yarashish va ishni yopishga undash holatlariga duch keladi. Modomiki, sudlar ham ayollarning o‘zini javobgarlikka tortish amaliyotini qo‘llab-quvvatlasa, holatni tekshirmay yarashuvni rag‘batlantirsa, zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarning adolatga erishish imkoniyatlari yanada pasayishi mumkin.

Ta’kidlash lozimki, oilaviy zo‘ravonlik — bu ayollarni himoya qilish uchun maxsus huquqiy usul bo‘lib, u osonlashtirilgan isbotlash standartlari va maxsus nazoratga olishning qulayligi tufayli alohida tarkibda ajratiladi. Lekin O‘zbekiston kodekslariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik masalasi jinsiy neytral mazmunda kiritilgani bois bu moddalar bo‘yicha ayollarni ham javobgarlikka tortish mumkin bo‘lib qolgan. Huquqbuzarlik ham “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” deb nomlanib, zo‘ravonlikning oila tushunchasi va oilaviy masalalar bilan beixtiyor bog‘lovchi lug‘at qo‘llanilgan. Bugungi sud amaliyoti esa ushbu matndagi lug‘aviy va mazmunga oid xatoliklarni tasdiqlamoqda, deb hisoblaydi tadqiqotchilar.

O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlikni bartaraf etish va ayollarni zo‘ravonlikdan samarali himoya qilish uchun, xususan, qonunlarni qo‘llash amaliyotini va talqin qilish mazmunini o‘zgartirish lozim. Qolaversa, bu muammolar hal etilishi uchun muhim tashkiliy tadbirlar, ayniqsa huquqbuzarliklarni aniqlash va ro‘yxatga olish, ularni o‘rganish, surishtirish, dalillar yig‘ishda xalqaro standartlarga amal kilish kerak. Bu endi boshqa bir maqola mavzusidir.