8-may kuni Dehli-Chikago yo‘nalishida AI-127 reysini amalga oshirgan Air India aviakompaniyasi samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Qayd etilishicha, favqulodda qo‘nishga yo‘lovchilardan birining sog‘lig‘i yomonlashgani sabab bo‘lgan. Samolyotda bo‘lgan 86 yoshli ayol yurak xurujiga uchragan. Shundan so‘ng ekipaj eng yaqin muqobil aerodromga borishga qaror qilgan.

Soat 06:44 da aviakompaniya samolyoti Toshkent aeroportiga qo‘ngan. Yo‘lovchi va uning hamrohi tez tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilgan.

Samolyot hozirda Toshkent aeroportidan uchishga hozirlanmoqda, deyiladi xabarda.