Fransiyaning Suez kompaniyasi Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Pol Burdiyon 2-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida Toshkent shahridagi suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi va mamlakatdagi boshqa rejalar haqida gapirdi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

“O‘zbekiston suv resurslari, iqtisodiy o‘sish va aholi sonining o‘sishi bo‘yicha asosiy muammo oldida turibdi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda muvaffaqiyat ana shu omillarga bog‘liq. Vaqt o‘tishi bilan muvozanat masalasi tobora qiyinlashadi. Biz Suez a’zolari bu muammoni hal qilishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashda o‘z rolimizni o‘ynashimiz mumkinligiga ishonamiz”, — dedi u.

Suez — xalqaro suv resurslarini boshqarish va chiqindilarni utilizatsiya qilish kompaniyasi. O‘zbekistonda u hukumat bilan taxminan 2018-yilda ishlay boshlagan. 2023-yil avgust oyida Suez va “Toshkent shahar suv ta’minoti” o‘rtasida yetti yillik shartnoma imzolanib, poytaxt suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish boshlangandi.

“Biz uchun O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash mumkin bo‘lgan asosiy yo‘nalishlardan biri bu suv yo‘qotilishini kamaytirishdir. Qanchalik ko‘p yo‘qotsak, shuncha ko‘p resurslarni isrof qilamiz. Shunday ekan, birinchi vazifa — O‘zbekiston rasmiylari bilan hamkorlikda tarmoqlar va stansiyalardagi yo‘qotishlarni kamaytirish orqali bu holatni yaxshilash”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Toshkentda sun’iy intellektdan foydalangan holda bir qancha yangi texnologiyalarni joriy qilmoqda, bu esa suv sizib chiqishi va bosim pasaygan joylarni tezroq aniqlash imkonini beradi.

“Shu tariqa biz profilaktik va prognozli texnik xizmat ko‘rsatishimiz mumkin. Shartnomaning butun muddati davomida biz va hamkorlarimiz 30 mingga yaqin suv sizib chiqishlarini bartaraf etishni rejalashtirmoqdamiz. Bu 300 ming aholisi bor shahar bir yil ishlatadigan suv miqdorini tejash imkonini berishi mumkin”, — dedi Pol Burdiyon.

Suez va “O‘zsuvta'minot” O‘zbekistonning janubi va janubi-g‘arbiy qismidagi “hozirda aholining faqatgina 40 foizga yaqini suvdan foydalanish imkoniyatiga ega” mintaqalarga ta’sir ko‘rsatadigan potensial loyihalarni muhokama qilmoqda.

“Biz tarmoqlar va ikkilamchi [suv ta’minoti] tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, uy xo‘jaliklariga suvdan foydalanish imkoniyatini beradigan loyiha ustida ishlashga harakat qilyapmiz va bu qamrovni 40 foizdan 80 foizga yoki 90 foizga oshirish harakatidamiz”, — dedi fransuz kompaniyasi vakili.

Pol Burdiyon turli xil suv manbalari o‘rtasidagi muvozanatga erishish muhimligini ta’kidladi.

“Yer osti suvlari bor, yer usti suvlari bor, lekin boshqa suv manbalari ham bo‘lishi mumkin. Biz O‘zbekiston hukumati bilan yana bir loyiha ustida ishlamoqchi edik — biz buni oqova suvlarni qayta ishlash va ulardan takror foydalanish deb ataymiz. Bu qayta ishlangan suv sanoat, qishloq xo‘jaligi, bog‘lar va parklar uchun ishlatiladi va hokazo. Biz uni ichimlik suvi uchun tavsiya etmaymiz, ammo sanoat, qishloq xo‘jaligini bunday manba bilan ta’minlay olsak, biz juda ko‘p ichimlik suvini ushlab qolib, uning zaxiralarini saqlashimiz mumkin”, — deya ta’kidladi Suez rahbari.

Kompaniya, shuningdek, O‘zbekiston hukumatiga tariflarni rag‘batlantirish bo‘yicha o‘z g‘oyalarini taklif qilmoqchi. Xususan, uning aytishicha, suv iste’moli arzon va subsidiyalangan bo‘lishi kerak, shunda hamma undan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, suvni ortiqcha isrof qilishdan qochish va uni oqilona iste’mol qilish madaniyatini shakllantirish kerak.

Suez bilan tuzilgan shartnomaning asosiy qismi Toshkent bo‘ylab uy xo‘jaliklarida suv hisoblagichlarini o‘rnatish hisoblanadi. Avvalroq yetti yil ichida poytaxtda 650 ming dona aqlli suv hisoblagichlarini o‘rnatish rejalashtirilgani xabar qilingandi. Bundan tashqari, abonentlar murojaatlariga tezkor javob berish uchun mobil ilova ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

“Bu odamlarga qancha suv ishlatayotgani haqida ko‘proq xabardor bo‘lish imkonini beradi. Shuningdek, mavjud sizib chiqishlarni aniqlash kabi vazifalarni osonlashtiradi. Shunday ekan, hisoblagichlar ham suv iste’moli ustidan nazoratni yaxshilashda juda kuchli omil bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman”, — dedi Pol Burdiyon.

2020-yil mart oyida Suez International, Toshkent shahri hokimligi, “Toshkent shahar suv ta’minoti” va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi o‘rtasida “Toshkentda suv ta’minoti transformatsiyasi rejasi” loyihasini amalga oshirish munosabati bilan birgalikda boshqaruv shartnomasi tuzilgandi. Hokimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini modernizatsiya qilish loyihasini 185,4 million yevroga baholagan.