Armaniston KXSHT faoliyatini moliyalashtirishni to‘xtatadi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ani Badalyanga tayanib “Interfaks” ma’lum qildi.

Badalyanning aniqlik kiritishicha, Armaniston 2023-yil noyabrida qabul qilingan KXSHTning 2024-yil uchun budjeti haqidagi qarorga “qo‘shilishdan tiyiladi”.

Shu bilan birga, Armaniston tashkilotning a’zosi bo‘lib qolmoqda, dedi TASS’ga KXSHTdagi manba.

So‘nggi oylarda Armaniston KXSHT tadbirlarida ishtirok etishdan bosh tortdi. 2023-yilda mamlakat vakillari noyabr oyida Minskda bo‘lib o‘tgan ikki mashg‘ulot va tashkilot sammitida ishtirok etmagan.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2024-yil fevralida Yerevan tashkilotdagi a’zoligini haqiqatda muzlatib qo‘yganini aytdi.

Pashinyan bir necha bor KXSHTni Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojarodagi pozitsiyasi uchun tanqid qilgan — uning fikricha, so‘nggi yillarda Qorabog‘dagi janglarga javob bermagan tashkilot Yerevan oldidagi majburiyatlarini bajarmayapti.