O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashi (TIVK)ga raisligi davrida musulmon davlatlarining samarali va nufuzli forumi sifatida tashkilot rolini mustahkamlashga harakat qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev IHT TIVK 43-sessiyasining ochilish marosimida ma’lum qildi.

«Ta’lim va ma’rifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» mavzusi mamlakatning IHT TIVK raisi sifatida kelgusi yil davomida olib boriladigan dolzarb ishlarning asosiy g‘oyasi etib belgilan. «Bu g‘oya „Beshikdan qabrgacha ilm izla“ degan mashhur hadisga hamohangdir. Ushbu mavzu O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan taklif etilgan edi», — qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonning IHT TIVK raisligidagi ustuvor yo‘nalishlar

«Aholi hayot darajasi va sifati ko‘p jihatdan mamlakat raqobatdoshligining asosiy ko‘rsatkichiga aylangan bugungi sharoitda taraqqiyotning muhim omili sifatida ta’limning roli ortib bormoqda», — ta’kidladi Prezident v. b.

«Barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni innovatsion rivojlanishsiz, keng ko‘lamli ilmiy-texnik kooperatsiyasiz va yangi texnologiyalar, ilm-fan va texnika yutuqlarini joriy etmasdan tasavvur qilib bo‘lmaydi», — davom ettirar ekan, u IHT doirasida hamkor mamlakatlar bilan ilmiy-texnologik almashishni faollashtirish, turli ilm-fan sohalarida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishni taklif qildi.

Xavfsizlik muammosi o‘ta keskin va fojiali tus olayotgani barchani tashvishga solayotganini ta’kidlar ekan, Shavkat Mirziyoyev IHTga a’zo davlatlarning birdamligini ta’minlash, ular o‘rtasidagi ziddiyatlarga barham berish, urushlar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish tobora avj olayotgan qarama-qarshiliklarni bartaraf etish, tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgan xavflarga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratdi.

«Islom olami ulkan iqtisodiy, investitsion salohiyat, energetika resurslariga ega. Ulardan to‘g‘ri foydalanish, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning xalqaro savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsion hamkorligini kengaytirish, mamlakatlarimizni birlashtiradigan transport yo‘llarini tashkil etish yuksak iqtisodiy taraqqiyot ko‘rsatkichlariga erishish imkonini beradi va bu pirovard natijada boshqa barcha sohalarning rivojlanishida asos bo‘lib xizmat qiladi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida IHT shafeligi ostida nafaqat islom madaniyati, balki umumbashariy sivilizatsiyaga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishni taklif qildi.

O‘zbekistonning yana bir tashabbusi — Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ISESCO)ning maxsus kafedrasini Toshkent islom universiteti tarkibida tashkil etish bilan bog‘liq. Yangi kafedra faoliyatining asosiy yo‘nalishini musulmon dunyosidagi ta’lim, ilm-fan va madaniyat tarixi hamda ularning hozirgi holatini o‘rganish va ular haqida talabalarga chuqurlashtirilgan maxsus kurslarni o‘qish tashkil eadi.

Prezident v. b. IHTga a’zo davlatlarning turizm, gumanitar, ilmiy va boshqa sohalardagi aloqalarining yanada mustahkamlanishiga umid bildirdi. «Bu borada biz o‘z tomonimizdan tashkilotga a’zo mamlakatlarning turistlari va vakillarini diyorimizga kelib-ketishi bilan bog‘liq rasmiyatchiliklarni soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘ramiz», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston raisligida ustuvor yo‘nalishlardan yana biri sifatida yadro qurolidan holi hududlarni kengaytirishni aytib o‘tdi. O‘zbekiston 1993 yildayoq Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni tashkil etish tashabbusini ilgari surgan. Mazkur tashabbus O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar tomonidan 2006 yilda Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan, 2014 yilda esa BMT Xavfsizlik kengashining doimiy beshta a’zosi Kafolatlar to‘g‘risidagi protokolni imzolagan.

Prezident v. b. O‘zbekiston yadro qurolidan xoli hududlar ko‘lamini izchil kengaytirish tarafdori va Yaqin Sharqda ham yadro qurolidan xoli hududni tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

«O‘zbekiston tashkilotga a’zo mamlakatlar va, umuman, musulmon olami xavfsiz va farovon davlatlarga aylanishiga ishonadi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoye nutqidan iqtiboslar

«Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga raxna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir. Aynan ta’lim va ma’rifat bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanadi, insonlarni ezgulikka da’vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undaydi. Muqaddas islom dinimiz bizga aynan shuni o‘rgatadi. Bunday yondashuv — davr talabidir».

«Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Yangi tahdidlar, jumladan, „ommaviy madaniyat“ xavfi va boqimandalik kayfiyati paydo bo‘layotgan, odob-axloq, qadriyatlarning yo‘qolish xavfi yuzaga kelayotgan hozirgi globallashuv sharoitida bu g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda».

«Azaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir. Islom — haqiqatni anglash demakdir, u odamzotni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson bo‘lishni o‘rgatadi. Biz Islom dinidan zo‘ravonlik va xunrezlik maqsadlarida foydalanishga urinayotgan kimsalarni keskin qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Muqaddas dinimizni doimo himoya qilamiz».

«O‘zbekistonda mustaqil va kuchli davlat qurishdan asosiy maqsad inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etishdir. Ayni vaqtda musulmon olami va jahon hamjamiyatidagi munosib o‘rnimizni yanada mustahkamlashdir. Bu, avvalambor, ta’lim va ma’rifat tizimini takomillashtirish, mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni zamonaviy bilim olishga yo‘naltirish, barkamol shaxsni tarbiyalash bilan bog‘liq ekanini biz yaxshi anglaymiz»

."Keyingi yillarda Yer yuzida keskin geosiyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, xalqaro miqyosda xavfsizlik va barqarorlik tizimi izdan chiqmoqda. Globallashuv jarayonining tobora shiddatli tus olishi nafaqat insoniyat imkoniyatlarini kengaytirmoqda, balki ziddiyatlarning keskinlashuvi, rivojlangan va qoloq davlatlar o‘rtasidagi tafovutning o‘sishiga olib kelmoqda. Buning oqibatida tinchlik va barqarorlikka raxna solayotgan, mohiyati va ko‘lamiga ko‘ra transmilliy xususiyatga ega turli xatti-harakatlar sodir etilmoqda".