15−20-noyabr kunlari Fuchjouda (Futszyan provinsiyasi, Janubi-Sharqiy Xitoy) ushu-taolu bo‘yicha birinchi jahon Kubogi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Ushu federatsiyasi “Gazeta.uz"ga.
Ma’lumot. Ushu-taolu — ushu mashqlari majmuasi. Yakkalik razryadda soya bilan jang (tasavvuriy raqib bilan jang). Sportchilar ushuning akrobatik elementlar qo‘shilgan turli usullaridan tarkib topgan komplekslarini bajarish bo‘yicha bellashadi. Harakatlarning murakkabligi, aniqligi, teatrlashgani va bajarilishiga qarab baholanadi.
O‘zbekiston vakillari Maqsudbek Bahodirov va Nodir Hasanov juftlik “duylyan” chiqishida 9,51 ball to‘plab, jahon Kubogi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Xitoy (9,71) birinchi, Ukraina (9,52) esa ikkinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqada taoluning har bir yo‘nalishida 8 nafar eng yaxshi sportchi ishtirok etdi. Ular 2015-yili Jakartada (Indoneziya) 120 mamlakat bellashgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati natijalari bo‘yicha saralangan edi.