O‘zbekiston Adliya vazirligi hukumatning litsenziya va ruxsat beruvchi jarayonlarni qisqartirish va soddalashtirish to‘g‘risidagi qarori loyihasini e’lon qildi. Hujjat Prezidentning 5-oktyabrdagi tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoni ijrosi yuzasidan ishlab chiqildi.
Qaror loyihasida 2017-yil 1-apreldan litsenziyalanuvchi faoliyat turlari va tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat beruvchi jarayonlarni birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinuvchi jarayonlar ro‘yxati, shuningdek, 1-iyuldan litsenziyalar va ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarni rasmiylashtirish muddati qisqaradigan faoliyat turlari ro‘yxati taklif etilmoqda.
1-iyuldan boshlab alohida faoliyat turlarini litsenziyalash bo‘yicha vazifalarni Vazirlar Mahkamasidan mutasaddi davlat organlariga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, agarda litsenziyalovchi organ arizani ko‘rib chiqish muddati davomida litsenziyani bermasa yoki uni berishni rad etmasa, u holda murojaat etuvchi litsenziyalovchi organni yozma ogohlantirgan holda litsenziya olishni maqsad qilgan faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
Qaror loyihasi muhokamasi 2017-yil 11-yanvarga qadar davom etadi.