9-fevral kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Oshpazlar assotsiatsiyasi vakillari ishtirokidagi davra suhbatida Toshkentning gastronomik xaritasini shakllantirish masalasi muhokama qilindi. O‘zbekistonda gastronomik xaritani ishlab chiqish va rivojlantirish Prezidentning 2 dekabrdagi mamlakatda turizm sohasini rivojlantirishni tezlashtirish to‘g‘risidagi farmonida belgilangan edi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, gastronomik xaritani tuzishda eng asosiy vazifa gastronomik turizmni rivojlantirish, o‘z taomlari, xizmat ko‘rsatish darajasi, sanitar-gigiyenik holati va pazandalik san’atining u yoki bu yo‘nalishining boshqa ko‘rsatkichlarini munosib namoyish etayotgan umumiy ovqatlanish korxonalarini aniqlash hamda xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishdan iborat.
Xaritaga xalq tomonidan berilgan ovozlarda yaxshiroq foizlarni qo‘lga kiritgan, turizm va pazandalik san’ati mutaxassislari ishtirokidagi tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tgan muassasalar kiritiladi. Tanqidchilar orasida Oshpazlar assotsiatsiyasi a’zolari o‘rin olgan.