2017 yilda daryo, soy va gidrotexnik inshootlar qirg‘oqlarida muhandislik-texnik va boshqa himoya tadbirlarni bajarish uchun 62 mlrd so‘m ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tgan toshqinga qarshi komissiya yig‘ilishida ma’lum qilindi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2016 yilda 3,2 mln metr kub tuproq, 131,6 ming metr kub tosh, 30,6 ming metr kub beton hajmdagi qirg‘oq mustahkamlash va o‘zan tozalash ishlari amalga oshirildi.
Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tegishli vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar 99 marotaba taktik-maxsus o‘quv mashqlari o‘tkazildi. O‘quv mashqlari davomida 88 ming metr kub tuproq ishlari, 2437 metr kub xarsang tosh ishlari, 39,07 metr kub qum-shag‘al-tosh ishlari, 484 metr kub beton ishlari bajarilib, 32 pogon kilometrdan ortiq masofadagi magistral kanallar tozalandi.
Qayd etilishicha, aerovizual kuzatuvlar va joylarni o‘rganishlar yo‘li bilan joriy yil bahor-yoz mavsumida xavfli geologik va gidrometeorologik hodisalar monitoringi kuchaytiriladi. Yo‘llarning ko‘chki va toshqin xavfi yuqori uchastkalariga eltuvchi asosiy uchastkalarida nazorat-kuzatuv postlari o‘rnatiladi.
Toshqin, sel va ko‘chki xavfi mavjud hududlarda istiqomat qiluvchi xo‘jaliklar aholisini xavfsiz hududga ko‘chirish rejalashtirilgan.
Sel, suv toshqini, ko‘chki xavfi mavjud hududlarni muhofaza qilish maqsadida qirg‘oq mustahkamlash ishlari olib boriladi.
Xavfli hududlarda muhandislik va avtomobil texnikalarini jalb qilgan holda qirg‘oq mustahkamlash va o‘zan tozalash ishlarini bajarishga qaratilgan taktik-maxsus o‘quv mashqlari o‘tkaziladi.