Uzbek Tigers jamoasi Jahon boks seriyasi VII mavsum to‘rtinchi turi doirasida China Dragons jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi. 18 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan barcha besh uchrashuv «O‘zbek arslonlari» foydasiga yakun topdi — 5:0.

Kechaning birinchi jangida 52 kg gacha vazn toifasida 22 yoshli Abrorjon Qodirov (2−4) ringga chiqdi. Unga 2011 yilgi Osiyo chempioni 29 yoshli Chan Yun (2−3) raqiblik qildi. O‘zbek bokschisi jang davomida raqibi ustidan yaqqol ustunlik qilib, yakunda hakamlarning bir ovozdan g‘olib sanalishiga erishdi — 3:0 (50/44, 50/45, 49/46).

2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi 22 yoshli Murodjon Ahmadaliyev (2−2) WSB 20 yoshli Van Sen (0−1) bilan kuch sinashdi. Bellashuv boshidan hujumkor jang namoyish etgan chustlik bokschi raqibini 3:0 (50/43, 50/44, 50/44) hisobida mag‘lub etdi.

Olimpiada-2016 kumush medali sohibi 23 yoshli Shahram G‘iyosov (1−2) 69 kg gacha vazn toifasida 2015 yilgi jahon chempionati bronza medali sohibi 29 yoshli Lyu Vey (3−8) bilan bellashib, g‘olib bo‘ldi, hisob — 3:0 (50/42, 50/45, 50/43).

Olimpiada-2016 kumush medali sohibi Bektemir Meliqo‘ziyev (2−1) esa yangi 81 kg gacha vazn toifasida 25 yoshli Xuan Szyabin (1−2) qarshiligini yengib o‘tishi lozim edi. Biroq uning raqibi birorta ham raundda g‘olib chiqa olmadi, o‘zbekistonlik sportchi 0−3 hisobida ustunlikka erishdi.

Superog‘ir +91 kg vaznda 22 yoshli Bahodir Jalolov (1−1) 21 yoshli Mu Xaypenga (1−2) qarshi ringga ko‘tarildi. Jang ikkinchi raundda yakuniga yetdi — Bahodir Jalolovning yon tomondan bergan zarbasiga raqib dosh bera olmadi.

To‘rt uchrashuvdan so‘ng «O‘zbek arslonlari» 6 ochko bilan «S» guruhida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Xitoy ajdarlari» hisobida ham 3 ochko bor. Ushbu guruhda yuz foizlik natija bilan Qozog‘istonning Astana Arlans (12 ochko) yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Rossiyaning Patriot Boxing Team (4 ochko) jamoasi Qozog‘iston jamoasidan 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng uchinchi pog‘onaga tushdi.

Eslatib o‘tamiz, Uzbek Tigers jamoasining navbatdagi uchrashuvi 1 aprel kuni Toshkentda Qozog‘istonning Astana Arlans jamoasiga qarshi kechadi.

Foto