Professor Nizomiddin Haydarov Toshkent moliya instituti rektori etib tayinlandi. Ushbu o‘zgarish yuzasidan «Gazeta.uz» murojaati TMI rektoratida tasdiqlandi.
Nizomiddin Haydarov bunga qadar — 2010 yildan — TMIning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori bo‘lib ishlagan. Iqtisodiyot fanlari doktori darajasiga ega.
Kasbiy faoliyatini 1994 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «Moliya va narxlar» kafedrasida katta o‘qituvchi va dotsent sifatida boshlagan. 1996—1997 yillarda Bank-moliya akademiyasi moliya fakulteti dekani lavozimida ishlagan. 1998 yildan 2006 yilga qadar O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi «Moliya, kredit va valyuta munosabatlari» kafedrasini boshqardi. 2006—2010 yillarda TMI kafedra mudiri, so‘ngra moliya-iqtisodiyot fakulteti dekani bo‘ldi.
TMIning avvalgi rektori Bahodir Begalov 23 may kuni O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.