O‘zbekiston Prezidentining 18 maydagi qaroriga (PDF) muvofiq, Toshkentda kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.

Kichik sanoat zonalari hududida joylashgan ishlab chiqarish maydonchalari va yer uchastkalari tadbirkorlik sub’ektlariga kelgusida yana 10 yilga uzaytirish imkoniyati bilan imtiyozli ijara to‘lovi stavkalari bo‘yicha taqdim etiladi.

Kichik sanoat zonalari hududlarida tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun «yagona darcha» markazlari ochiladi. Shuningdek, ishtirokchilarga mahsulotlarini eksport qilishda ko‘maklashish uchun Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakolatxonalari hamda mini banklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Hujjatga muvofiq, Toshkentda kichik sanoat zonalari Kafolat jamg‘armasi tashkil etiladi. U, xususan, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 50 mln AQSH dollari miqdoridagi bir martalik ulushi hisobidan shakllantiriladi.

Kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga imtiyozlar qo‘llaniladi. Ular ikki yil muddatga mol-mulk va yuridik shaxslarga solinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi. Imtiyozlar ishlab chiqarilgan umumiy mahsulotlarning 30 foizi eksport qilingan taqdirda, qo‘shimcha ravishda yana ikki yilga uzaytiriladi. Ishtirokchilar imtiyozlarga ega bo‘lish uchun eng kam oylik ish haqining 3000 barobari miqdorida investitsiya kiritishlari talab qilinadi.

Hozirda Yunusobod, Sergeli va Yakkasaroy tumanlaridagi foydalanilmayotgan korxonalar negizida kichik sanoat zonalari tashkil etilgan bo‘lib, ularning hududida to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika mahsulotlari, mebel, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi 513 ta kichik korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2016 yilda ushbu korxonalar tomonidan 1,1 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi, 140 mln AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi tovarlar eksport qilindi, 11 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratildi.