O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tuziladi. U energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlashga javobgar hisoblanadi. Yangi xizmat elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish bilan shug‘ullanadi.
Bu kabi choralar O‘zbekiston Prezidentining 29 maydagi elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.
Majburiy ijro byurosi quyidagi vakolatlarga ega bo‘ladi:
- energiya resurslari yetkazib berilishi va iste’molini hisobga olishning to‘liqligi hamda haqqoniyligi, hisob-kitoblarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazish;
- yetkazib berilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni iste’molchilar — yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning bank hisobraqamlaridan so‘zsiz undirish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan inkassa topshiriqnomalari qo‘yish;
- yetkazib berilgan energiya resurslari uchun EKOIHning ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi qarzdorlikni xodim — iste’molchilarning ish haqidan ushlab qolish haqida ish beruvchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnomalar yuborish;
- energiya resurslari iste’moli, to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liqligini nazorat qilish va monitoringini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlar va fuqarolardan talab qilib olish;
- jismoniy va yuridik shaxslarga energiya resurslari uchun qarzdorlikni bartaraf etish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnomalar yuborish;
- energiya resurslarini yetkazib berish va iste’mol qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga belgilangan tartibda moliyaviy sanksiya qo‘llash;
- vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlar, shu jumladan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga energiya resurslarini yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasidagi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, energiya resurslari uchun hisob-kitoblarni muntazam ravishda amalga oshirmayotgan iste’molchilarga nisbatan jamoat ta’sir choralarini ko‘rish haqida taqdimnomalar kiritish;
- energiya resurslari uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, Byuro talabnomalari ijro etilmagan hollarda, shuningdek, elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj holatlari aniqlanganda, iste’molchilarni elektr hamda gaz tarmoqlaridan uzish;
- energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlari bartaraf etilgan hamda to‘lovlar to‘liq amalga oshirilganda, ilgari elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan iste’molchilarni qayta ulash;
- energiya resurslaridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rish;
- energiya resurslari iste’molini nazorat qilish va hisoblash tizimini hamda uskunalarining sozlik holatini monitoring qilish.
Hujjatda hisob-kitob hamda energiya resurslari uchun qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda, iste’molchilarni tarmoqdan uzish tartiblari aniqlashtirildi. Unga ko‘ra, 2017 yil 1 iyuldan boshlab iste’molchilar — jismoniy shaxslar har oyning 10 sanasiga qadar o‘tgan oyda iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘liq hisob-kitob qilishlari shart.
Yuridik va jismoniy shaxslarga energiya resurslarini yetkazib berish 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Oldindan haq to‘lanmagan hollarda, mazkur iste’molchilarga nisbatan elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. Bunda elektr va gaz tarmoqlaridan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda iste’molchi — jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida, iste’molchi — yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘larni o‘tkazish orqali undiriladi.
Sud departamenti tugatildi, «O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» kompaniyalarining iste’molchilar bilan ishlash bo‘yicha elektromontyor hamda tabiiy gazni hisobga olish va realizatsiya qilish bo‘yicha nazoratchi shtat birliklari qisqartirildi.
Majburiy ijro byurosining davlat ijrochilariga — sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari ijrosini, davlat inspektorlariga esa — yetkazib berilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirishni amalga oshirish yuklatiladi.
«O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» kompaniyalarida tuzilgan shartnomalarga asosan iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish vazifa hamda funksiyalari saqlanib qolmoqda.
Farmonda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini hamda boshqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutildi.
Xususan, iste’molchilar bilan o‘zaro hisob-kitoblarning holati haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni beradigan va elektron to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilingan Uy-joy kommunal, elektr va gaz ta’minoti xizmatlari ko‘rsatishning yagona billing tizimi tashkil etiladi. Mazkur tizim iste’molchilarga qarzdorlik mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda olish hamda to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Qarzdorlikni undirish masalalari bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlikning yagona tizimi ham yaratiladi. Ushbu tizim jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy holati haqidagi ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda qarzdorlikni undirish samaradorligini oshiradi.
Farmon ijrosi doirasida manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan energiya resurslari iste’molchilari xatlovdan o‘tkaziladi. Bunda kadastr hamda loyiha hujjatlari, shartnomalar, tarmoqlarga ulanish sxemalari, hisobga olish asboblari va ularning sozligi o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatish hamda ushbu sohada qonuniylikni ta’minlash choralari ko‘riladi.
Farmonda qayd etilishicha, jamiyatda energiya resurslaridan oqilona foydalanish va hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhitini hamda energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish zarur. Yuqoridagi chora-tadbirlar elektr energetika va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilishga, iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga, mamlakat iqtisodiyotini, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.