O‘zbekiston Prezidenti 31 may kuni yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda yerlardan foydalanishda muntazam davlat nazoratini ta’minlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, yer resurslarini tizimlashtirilgan holda hisobga olish ishlari yetarli darajada samarali bo‘lmayotgani tan olingan.

Quyidagilar qo‘mitaga yuklatilgan asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • uchuvchisiz apparatlardan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi yerlarini, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va parvarishlashni monitoring qilish, geodeziya ma’lumotlari va kartografiya materiallaridan foydalangan holda sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi ishlashini ta’minlash;
  • aerokosmik suratga olish, topografiya-geodeziya, kartografiya, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid va boshqa izlanishlar hamda tadqiqotlarni, yerlarni masofadan zondlash, geodinamik tadqiqotlar ma’lumotlari va materiallaridan foydalangan holda, kartografik monitoringni amalga oshirish;
  • ko‘chmas mulk ob’ektlarining elektron ma’lumotlar bazasini, ko‘chmas mulk bahosini bozor qiymatida baholashga bosqichma-bosqich o‘tish uchun davlat kadastrlari geoaxborot tizimlarini yaratish va doimiy ravishda yangilab borish va boshqalar.

Qabul qilingan hujjatda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bu o‘z navbatida qo‘mitaga yuklangan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish imkoniyatini yaratadi, institut bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish orqali, birinchi navbatda tuproqning tarkibi va maxsus ilmiy laboratoriyalarda tuproqdagi barcha jarayonlarni o‘rganish orqali sug‘oriladigan yerlarning unumdorligi va ularning ball-boniteti aniqlanadi.

Davlat kadastrlarini yuritishni tashkil etish darajasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. U davlat kadastrlari sohasini muvofiqlashtirish, tizimga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish ishlariga mas’ul etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga, uning hududiy bo‘linmalariga mavjud shtatlarga qo‘shimcha ravishda 937 ta muhandis-yer tuzuvchilar shtat birligi, shundan 92 foizi qo‘mitaning tuman bo‘limlariga berilmoqda.

Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Quyidagilar uning shakllanish manbasi bo‘lib xizmat qiladi:

  • yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanganligi yoki ularni yaroqsiz holga tushirganligi, xo‘jalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqilganligi, davlat yer kadastrini yuritish qoidalari buzilganligi, chegara va cheklov belgilarining yo‘q qilinganligi yoki shikastlanganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq solinadigan jarimalarning 100 foizi;
  • fuqarolarning uy-joyga doir mulk huquqini ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarda o‘z vaqtida rasmiylashtirilmaganligi uchun undiriladigan jarimalarning 10 foizi;
  • kadastr hujjatlarini texnik xatlovdan o‘tkazish va rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlariga belgilangan narxlarni 25 foiz oshirish hisobiga tushadigan mablag‘larning (soliqlar hisoblangandan keyin) 100 foizi va boshqalar.

Mazkur mablag‘lari yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri organlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, shuningdek, qo‘shimcha ravishda kiritilayotgan shtat birliklarini saqlashga sarflanadi.

2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil qilish, sohaga ilg‘or fan-texnika yutuqlarini joriy etish, moddiy-texnika bazasini yangilash, tarmoqqa xalqaro grantlarni jalb qilish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlarini xizmat avtomashinalari, joylardagi mutaxassislarni zamonaviy o‘lchov asboblari, xizmat xonalari bilan ta’minlash belgilangan.