O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 iyundagi қарориbilan Vazirlar Mahkamasi ijro tuzilmasiga o‘zgartishlar kiritishni tasdiqladi. Hujjatda qayd etilishicha, o‘zgartishlar iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosarlari hamda hukumat apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari faoliyati samaradorligi va natijaviyligini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash va shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadida olib borilmoqda.
Qaror bilan bosh vazir o‘rinbosari — Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksi hamda Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish Yig‘ma axborot-tahlil departamenti rahbari lavozimi bekor qilindi. Avvalroq mazkur lavozimda Rustam Azimov faoliyat ko‘rsatar, 6 iyundan esa Jamshid Qo‘chqorov egallagan edi.
Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartishlar, investitsiyalar, bank va moliya tizimini isloh qilish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksi rahbari lavozimi ta’sis etildi.
Bundan tashqari, bosh vazir o‘rinbosari — Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, jismoniy madaniyat va sport masalalari bo‘yicha kompleks rahbari o‘rinbosari lavozimi bekor qilindi. Shu vaqtgacha mazkur lavozim bo‘sh edi.
Bosh vazir o‘rinbosari — «O‘zavtosanoat» AK boshqaruvi raisi — Eksport salohiyatini va mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari lavozimi o‘rniga bosh vazir o‘rinbosari — «O‘zavtosanoat» AK boshqaruvi raisi — Tashqi iqtisodiy faoliyatni, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksining rahbari ta’sis etildi.
Hukumat tuzilmasida Ta’lim va fan masalalari Axborot-tahlil departamenti (ATD), yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiya masalalari ATD, Iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlari eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari ATD hamda Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi bekor qilindi.
Ta’lim, fan va yoshlar siyosati masalalari ATD, Madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar ATD, Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartishlar, bank va moliya tizimlarini isloh qilish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari Yig‘ma ATD, Investitsion dasturlarni amalga oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etishni shakllantirish va monitoringi masalalari ATD, Tashqi iqtisodiy faoliyatni, iqtisodiyot sohalari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish ATD hamda Huquqiy ekspertiza, xalqaro shartnomalar va tashqi aloqalarni rivojlantirish boshqarmasi tashkil etildi.
Bosh vazirga Ta’lim, fan va yoshlar siyosati ATD, Madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar ATD hamda Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy madaniyat va sport ATDga rahbarlik qilish yuklatildi.