O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Toshkentning Sergeli tumanida metro qurilishi bilan tanishdi, deb xabar qildi O‘zA.
Chilonzor yo‘nalishining Olmazor bekatidan boshlanadigan Sergeli yo‘nalishida oltita bekat bunyod etiladi.
2017−2020 yillarga mo‘ljallangan mazkur qurilishga 170,1 million dollar sarflanadi. Uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etuvchi mazkur inshoot to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallanmoqda. O‘ziga xos muhandislik yechimlari asosida bunyod etilayotgan transport yo‘li Choshtepa mahallasidan o‘tib, Sergeli tumanining Yo‘ldosh mavzesidagi Mag‘rib ko‘chasigacha boradi.
Qurilishda foydalanilayotgan texnika turlariga alohida e’tibor berish kerakligi ta’kidlandi. Bundan tashqari geologiya masalalari ham diqqat markazida bo‘lishi kerak.
Davlat rahbari yangi qurilayotgan yer usti metrosi yonidan o‘tadigan ko‘cha atrofida ikki va uch qator daraxt va gullar ekilishi lozimligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari haqida ham ma’lumot berildi. Bugun 2017−2019 yillarga qurib bitkazilishi ko‘zda tutilgan mazkur yo‘nalishning Turkiston bekatida poydevor quyish ishlari olib borilmoqda.
Yangi qurilayotgan metro bekatlarining dizayni, devorlariga ishlatiladigan qurilish materiallari, tasvirlardan namunalar namoyish etildi.
Prezident bekatlar shinam va yorug‘ bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladi. Yosh dizaynerlar o‘rtasida tanlov o‘tkazish kerak, dedi.