«Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birja direksiyasi» davlat korxonasi tugatildi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 31 iyuldagi Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini yanada isloh qilish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, o‘tkazilgan tahlillar Direksiya faoliyatini tashkil etishning amaldagi tartibi davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va shaffofligini lozim darajada ta’minlamayotligini ko‘rsatdi.

Xususan, tenderlar o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida Kooperatsiya birjasi doirasida asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xom ashyo va materiallarning xaridini amalga oshirishga imkon beruvchi amaldagi tartib turli xil korrupsiya ko‘rinishlari, shu jumladan, oldindan belgilangan yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish maqsadida birjalardan foydalanish uchun sharoit yaratmokda.

Ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarini o‘tkazishning tartib-taomillari, eng avvalo, kichik biznes sub’ektlarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish uchun davlat va korporativ buyurtmalarni olishga bo‘lgan imkoniyatlarini, oqibatda, sog‘lom raqobat muhitini yanada rivojlantirishni lozim darajada ta’minlamayapti.

Direksiya tomonidan tuzilgan shartnomalarni tahlil qilish va ular asosida tegishli loyihalarni Mahalliylashtirish dasturiga kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish, mahalliy xom ashyo bazasida tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirishni kengaytirish uchun sanoat kooperatsiyasining roli va ahamiyatini oshirish bo‘yicha asosiy vazifalar amalda bajarilmagan.

Shartnomalarni ro‘yxatga olishning samarasiz tizimi, tuzilgan shartnomalar ijrosini nazorat qilishning ta’sirchan mexanizmlari mavjud emasligi aksariyat hollarda kabul qilingan shartnoma majburiyatlari va tasdiqlangan tarmok jadvallarining bajarilmasligiga sabab bo‘lmokda.

Hujjatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi doirasida davlat xaridlari yagona axborot portalini hamda resurslar yagona milliy ma’lumotnomasini yaratish orqali ularning ochiqligi va shaffofligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazma majmuasining ko‘rgazma-yarmarka faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi lozim.