O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali ochilishi munosabati bilan tantanali nutq so‘zladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Prezident festival ishtirokchilarini qutlar ekan, musiqa san’atining bugungi dunyodagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. «Dunyoda qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi o‘ta murakkab zamonda millati, tili va dini turlicha bo‘lgan millionlab odamlarni hech qanday tarjimonsiz do‘st qiladigan, ular o‘rtasida hamkorlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydigan musiqa san’atining o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari shu ma’noda, «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining bu yilgi anjumani alohida mazmun va ahamiyatga ega bo‘lib, u festival tashkil etilganiga yigirma yil to‘lgan tarixiy bir sanada o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
«Bugungi quvonchli ayyomda mana shu xalqaro anjumanga asos solgan, uning jahon miqyosida munosib obro‘-e’tibor qozonishi uchun ulkan hissa qo‘shgan insonlarni, ularning unutilmas xizmatlarini chuqur minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Bu haqda gapirganda, avvalo, atoqli siyosat va davlat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning aziz xotirasini hurmat-ehtirom bilan yodga olamiz. Islom Abdug‘aniyevich o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrini, uning yuragi bo‘lgan qadimiy Registon maydonini qanchalik buyuk muhabbat bilan sevsa, „Sharq taronalari“ festivalini ham shunchalik sevar, qadrlar edilar», — deya qayd etdi u.
Shavkat Mirziyoyev «Sharq taronalari» musiqa festivali o‘zining betakror ruhi va qiyofasi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, musiqa san’ati an’analarini asrash, madaniy muloqotni rivojlantirish borasidagi ezgu maqsad-muddaolari bilan qisqa muddatda yuksak darajaga erishganini ma’lum qildi.
Agar 1997 yilda, dastlabki musiqa bayramida dunyoning 31 ta davlatidan 57 nafar san’atkor qatnashgan bo‘lsa, bu yil 58 ta mamlakatdan 241 nafar mohir xonanda va sozanda ishtirok etmoqda.
Festivalda BMT bosh kotibining o‘rinbosari, Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Talib Rifai, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlamentlar assambleyasi raisi Kristin Muttonen, Islom hamkorlik tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tuzilmasi — AYSESKO Bosh direktori Abdulaziz Usmon al-Tuvayjri janoblari kabi yuqori martabali mehmonlarimiz ishtirok etmoqda.
Shuningdek, Islom tarixi, madaniyati va san’atini o‘rganish bo‘yicha xalqaro markaz — IRSIKA bosh direktori Xalit Eren, Xalqaro folklor san’ati tashkilotining Osiyo mintaqasi bo‘yicha Bosh kotibi Mun Xyun Suk, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev, Rossiya Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Mixail Yefimovich Shvidkoy, AQSH va Kanadadagi buxorolik yahudiylar kongressi prezidenti Boris Qandov va boshqalar festival ochilish marosimida hozir bo‘ldi.