30 avgust kuni «Angren» erkin iqtisodiy zonasi hududida sirlangan keramogranit va keramik toshtaxtalar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi, deb xabar qildi Davlat invessiyalar qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Loyihani amalga oshirish uchun Xitoyning Gulf Cable Trading Company kompaniyasi o‘zbekistonlik sheriklari bilan birgalikda National Ceramics qo‘shma korxonasini tashkil etdi.

Loyihaning umumiy qiymati 21,1 mln dollar bo‘lib, ushbu mablag‘ning 20,9 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyadir.

Biznes-rejaga ko‘ra, loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati 2 mln kv. m. keramogranit va 2,5 kv. m. keramik toshtaxtani tashkil etadi. Umumiy ishlab chiqarish hajmining eng kamida 30 foizini (11−12 mln dollar, ulardan keramogranit eksporti — 4,5−5 mln) Markaziy Osiyo, MDH davlatlari va boshqa mamlakatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Korxonada Italiyaning Sacmi kompaniyasining energiya tejovchi texnologiya liniyasi o‘rnatilgan. 80 dan ziyod ish o‘rinlari tashkil etilib, Angren kollejlarining 50 nafar bitiruvchisi ish bilan ta’minlanadi.