Toshkentning «Obod» futbol klubi O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi Ijroiya Qo‘mitasining O‘FF bilan birga kelishilgan qaroriga ko‘ra, futbol bo‘yicha 2017 yilgi O‘zbekiston chempionati qatnashchilari safidan chiqarildi.

Futbol federatsiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, qarorning qabul qilinishiga bir necha sabablar asos bo‘lgan. Birinchi navbatda — «Obod"ning PFL oldidagi 120 mln so‘mlik qarzi. Ikkinchidan, litsenzion hujjatlarning yo‘qligi va moliyaviy hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortish. Mazkur holat shubhali va tushunarsiz moliyalashtirish manbalari bor, degan taxminning ilgari surilishiga sabab bo‘lmoqda.

Uchinchidan, O‘FFga xalqaro «Federbet» notijorat federatsiyasi kotibiyatidan 20-tur doirasida «Obod"ning «So‘g‘diyona» (2:2) va 22-turda Nasaf (0:6) bilan uchrashuvlarining shubhali natijalar bilan tugagani to‘g‘risida xat kelib tushgan.

23 tur yakunlari bo‘yicha «Obod» 9 ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasini egallab turibdi.