Prezident Shavkat Mirziyoyev yer usti halqa metro liniyasi qurilishi loyihasini tezlashtirishga topshiriq berdi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturi.
![](https://www.gazeta.uz/media/img/2017/10/xr09qa15092133169512_b.jpg)
Eslatib o‘tamiz, may oyida Prezident 2017−2021 yillarda poytaxtda elektrlashtirilgan tezyurar halqa temir yo‘li qurilishi loyihasini tasdiqlagan edi. Oktyabrda loyihaning qayta ko‘rib chiqilgani, unga ko‘ra elektrichka o‘rniga estakada tipidagi yer usti metrosi qurilishi ma’lum bo‘ldi.
![](https://www.gazeta.uz/media/img/2017/10/dikzUb15092133171873_b.jpg)
Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro yo‘nalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi, 1,6 kilometri yer ustida quriladi. Loyihani 2021 yilda tugatish rejalashtirilgan edi, biroq Shavkat Mirziyoyev yangi liniyani 2020 yilgacha foydalanishga topshirishga ko‘rsatma berdi.
![](https://www.gazeta.uz/media/img/2017/10/EdiNaG15092133170704_b.jpg)
Loyihaning birinchi besh bosqichida quyidagi liniyalar quriladi:
- «Do‘stlik» metrosi — Qo‘ylik bozori;
- Qo‘yliq bozori — «Olmazor» metrosi;
- «Olmazor» metrosi — «Beruni» metrosi;
- «Beruniy» metrosi— «Bodomzor»;
- "Bodomzor" — «Do‘stlik» metrosi.
Mazkur bosqichlar doirasida 32 ta estakadali va 2 yer osti stansiyasi quriladi. Uchta vagon deposi va o‘nlab podstansiyalar bunyod etiladi. Qurilish ishlarida 8000 ga yaqin mutaxassislarning jalb etilishi rejalashtirilgan.
![](https://www.gazeta.uz/media/img/2017/10/nGgCHE15092133168386_b.jpg)
Shu oydan bo‘lg‘usi «Do‘stlik» va «Qo‘yliq» stansiyalari o‘rtasidagi 11 km lik uzunlikdagi uchastkada ishlar boshlandi.
Halqa liniyada 45 ta poyezd harakatlanishi, ular butun yo‘lni 1 soatu 10 daqiqada bosib o‘tishi rejalashtirilgan. Harakat oralig‘i o‘rtacha 4 daqiqa, o‘rtacha tezlik esa 60 km/s bo‘ladi.
![](https://www.gazeta.uz/media/img/2017/10/icNaY815092133166248_b.jpg)
«Biz qurilish jarayonida 90 foiz ko‘chalar ochiq bo‘lishiga erishdik, birorta ham turar joy binosi buzilmaydi. Bularning barchasi aholiga qulaylik yaratish, yo‘llardagi tirbandliklarni qisqartirish, odamlar hayotini yengillashtirish maqsadida qilinmoqda», — deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirdi teledastur.
Dastlabki taqdim etilgan tasvirlardan kelgusida 2020—2025 yillarda — qo‘shimcha metro liniyasi qurilishini bilish mumkin.