O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni Qirg‘iziston sobiq rahbari Almazbek Atamboyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi O‘zA.

O‘zbekiston Prezidenti o‘zining Qirg‘iziston Respublikasining yuksak davlat mukofoti — «Danaker» ordeni bilan taqdirlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bu mamlakatlar va qardosh xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, samarali hamkorlikni rivojlantirishda erishilgan ulkan muvaffaqiyatlar e’tirofi ekani ta’kidlandi.

Suhbatda yakuniga yetayotgan yil ikki tomonlama munosabatlarda to‘planib qolgan ko‘plab, jumladan, ancha murakkab masalalarni hal qilishda katta natijalarga erishish imkonini bergan hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgani ta’kidlandi.

Qirg‘iziston va O‘zbekistonga yaqinda amalga oshirilgan o‘zaro davlat tashriflari ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yangi sur’at baxsh etgani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining sezilarli o‘sishiga, turli darajadagi tashriflar almashinuvini faollashtirishga xizmat qilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston — Qirg‘iziston davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining tarixiy ahamiyati alohida qayd etildi.

Suhbat yakunida ikki mamlakat tashqi siyosatida izchillikni saqlash muhimligi alohida ta’kidlandi.

Almazbek Atamboyev 2011 yilda Qirg‘izistonga rahbarlik qilgan edi. Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, prezident olti yil muddatga saylanadi.

Qirg‘izistonning yangi Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning yangi vazifaga tantanali ravishda kirishish marosimi 24 noyabrda bo‘lib o‘tdi.