Mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Afg‘oniston Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi.
O‘zAning xabar qilishicha, Afg‘oniston rahbari Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Oliy darajadagi uchrashuvlarda O‘zbekiston va Afg‘oniston munosabatlarining bugungi holati va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, fan, ta’lim va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, shuningdek, tijorat shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.
Afg‘oniston Prezidenti O‘zbekistonga tashrifi doirasida Buxoro shahrini ham ziyorat qiladi.