24 dekabr kuni Navoiy viloyatining Nurota va Tomdi tumanlarida shamol tezligi soniyasiga 18 metrgacha yetdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Kuchli shamol ma’muriy va turar joy binolari tomlariga shikast yetkazdi. Jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur kuch va vositalar safarbar etildi. Joylarga mutasaddi tashkilotlar rahbarlaridan iborat tezkor shtablar tuzildi.

25 dekabr kuni Navoiy viloyati, shuningdek respublikaning barcha hududlarida kuchli shamol esishi mumkin. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, shamol tezligi 17−22 m/s, ayrim joylarda 24−29 m/s gacha yetishi mumkin.

FVV tegishli ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirmoqda.