Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi fohishaxonalar tashkil etilgani haqidagi soxtalashtirilgan ishlar bo‘yicha uy va kvartiralarni ommaviy ravishda musodara etilgani to‘g‘risidagi xabarlarni inkor qildi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma’lum qildi.

7 yanvar kuni AsiaTerra saytida e’lon qilingan maqolada poytaxtdagi uy va kvartiralar ommaviy ravishda musodara qilingani keltirib o‘tilgan edi. Nashrning tasdiqlashicha, ichki ishlar organlari (IIO) xodimlari, prokurorlar, sudyalar hamda tuman va shahar hokimiyatlari vakillari yollanma «huquqbuzarlar» yordamida fohishaxonalar tashkil etganlik haqidagi ishlarni soxtalashtirib, ijaraga beruvchilarning uy va kvartiralarini Jinoyat kodeksining 131-moddasi bo‘yicha («Qo‘shmachilik yoki fohishaxonalar tashkil etish») «jinoyat quroli» deb e’lon qilgan va ularni musodara etgan. Bu kabi choralardan 100 dan ziyod kishi jabr ko‘rgan, deyiladi materialda.

Nashrning qayd etishicha, musodara qilinib, hokimiyat balansiga o‘tkazilgan uy va kvartiralar keyinchalik profilaktika inspektorlariga berilgan.

Shavkat Mirzaahmedov.

«Bu ish bo‘yicha bizda hech qanday ma’lumot yo‘q. Biroq biz profilaktika inspektorlariga kvartiralar ajratish tartiblari haqida to‘xtalishimiz mumkin. Bugunga qadar 1103 ta xizmat uyi taqdim etilgan bo‘lib, u yerlarda inspektorlar xizmatni o‘tash davrida yashaydilar. Avvallari bu uylar hokimiyatlar balanslari bo‘lib, so‘ngra IIBBga o‘tkazildi», — dedi Jinoyatlar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shavkat Mirzaahmedov.

«Ular orasida sud orqali davlat foydasiga undirilgan kvartiralar bo‘lishi mumkin, keyinchalik ular taqsimlash uchun hokimiyat balansiga o‘tkazilgan», — deya qo‘shimcha qildi Doniyor Toshxo‘jayev.

O‘tgan yilning yozida OAVda fohishaxonalar tashkil etish va odam savdosi uchun foydalanilgan uy va kvartiralar davlat foydasida musodara qilinayotgani to‘g‘risidagi materiallar chop etilganidan so‘ng Toshkent IIBB va prokuraturasi faqatgina faol ravishda fohishaxonalar tashkil etishga harakat qilingan uy va kvartiralar musodara etilishini ma’lum qilgan edi.

Buning ortidan jinoyat quroli sifatida foydalanilgan, biroq jinoyatlarni sodir etishda ularning egalari aybdor bo‘lmagan mol-mulklarni musodara qilishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlandi. Tuzatishlar oktyabrdan kuchga kirdi.

IIBB vakillari yaqin vaqtlarda musodara qilingan uy va kvartiralar bo‘yicha batafsil ma’lumot tayyorlanishiga va’da berishdi. Boshqarma vakili sud qaroridan rozi bo‘lmagan jabrlanuvchilar Oliy sudga kassatsiya tartibida murojaat qilish huquqiga ega ekanliklarini ham ta’kidlab o‘tishdi.